Tolibon garovdan ozod qilingan jurnalistlar Frantsiyaga yetib kelishgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Jurnalistlar 18 oy oldin olib qochilgandi

Afg‘onistonda 18 oy oldin Tolibon tarafidan o‘g‘irlab ketilgan fransiyalik jurnalistlar vatanlariga yetib kelishgan.

Herve Ghesquiere va Stephane Taponier chorshanba kuni garovdan ozod qilingan edi.

Ular Parij tashqarisidagi harbiy havo bazasiga kelib qo‘nganlar.

Jurnalistlar 2009 yil dekabrida Afg‘oniston shimoli-sharqida Fransiya televideniyesi uchun hujjatli film olayotgan mahallari garovga olingandi.

Muxbir Herve Ghesquiere va kinooperator Stephane Taponier qanday shartlar asosida qo‘yib yuborilgani qorong‘u.

Ammo, Ghesquiere janoblari o‘zlarining sog‘-salomat ekanlarini e‘tirof etgan.

"Bizga hech qachon o‘lim bilan tahdid qilmadilar va hech qachon kaltaklashmadi", deya qo‘shimcha qilgan u.

'Jangarilar qo‘mondoni o‘ldirildi'

Ayni paytda Afg‘onistondagi NATO kuchlari jangarilarning Kobul Interkontinental mehmonxonasiga qilingan hujumga aloqador ko‘rilgan yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirganlarini ma‘lum qilishgan.

NATOning aytishicha, Ismoil Xon ismli qo‘mondon sharqiy Paktiya viloyatida amalga oshirilgan havo hujumida halok etilgan.

NATOga ko‘ra, u "Al Qoida"ga aloqador "Haqqoniy" tarmog‘i qo‘mondoni bo‘lgan.

Ismoil Xon Kobuldagi mehmonxonaga seshanba kuni uyushtirilgan hujumni moddiy dastak bilan ta‘minlaganlikda ayblanadi.

Hujum kamida 21 insonning umriga zomin bo‘lgandi.