Mahkama hukmi: "Uch musulmonning o‘limiga Gollandiya davlati aybdor"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Gollandiya Shikoyatlar mahkamasi 1995 yilda Bosniyaning Srebrenitsa shahrida uyushtirilgan qatliom chog‘ida uch musulmonning o‘ldirilishida golland davlatini aybdor, deb topgan.

Bosniyalik serb kuchlari bostirib kirgan chog‘larida Birlashgan Millatlar nazorati ostida bo‘lgan Srebrenitsa shahriga golland qo‘shinlari mas‘ul bo‘lishgan.

Srebrenitsadagi qatliomlar chog‘ida 8.000 ga yaqin musulmon erkak va o‘g‘il bolalari qatl etilishgandi.

So‘nggi mahkama ishi esa, ulardan uch nafarining o‘ldirilishi bilan bog‘liq.

Gaagadagi mahkamaga ko‘ra, Birlashgan Millatlar vakolati ostida bo‘lgan golland qo‘shinlari uch musulmonni bosniyalik serb harbiylariga bermasliklari lozim bo‘lgan.

Hukmda aytilishicha, xuddi shu sababdan ham, ularning o‘limida golland davlati aybdordir.

Mahkamaning bu kabi qarori ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan va endi qurbonlar yaqinlarining tovon puli da‘vosi bilan chiqishlariga yo‘l ochishi mumkin.

Chunki Birlashgan Millatlarning tarjimoni Hasan Nuhanovich va elektrchi Rizo Mustafichning yaqinlari 9 yildirki, adolatni qaror toptirolmay kelishayotgandi.

Srebrenitsa qatliomi Gollandiyada qaltis mavzulardan sanaladi.

Golland qo‘shinlarining yuz bergan ommaviy qatllar chog‘idagi xatti-harakatlari keskin tanqid qilingan hisobot ortidan, 2002 yilda mamlakat hukumati iste‘fo berishga ham majbur bo‘lgandi.

O‘shandan buyon Gollandiyaning da‘vo qilishicha, Bolqon urushi chog‘ida Birlashgan Millatlar tashkiloti yuzlarini yerga qaratib qo‘ygan.

Ularga ko‘ra, xalqaro tashkilot o‘z qo‘shinlariga yetaklicha dastak ko‘rsatmagan.