Islomiy liboslar masalasida Avstraliya politsiyasi yangi vakolatga ega bo‘ldi

Avstraliyaning aholisi eng katta Nyu Sauz Uels (New South Wales) shtati politsiyasi endi muslimalarga burqa yoki yuzlarini yopib turuvchi hijoblarini yechishga buyruq berish vakolatiga ega bo‘ladi.

Shtat ma‘muriyatiga ko‘ra, yangi tartib-qoidalar politsiya zobitlarining yo‘llarda mukammal tekshiruv ishlarini olib borishlarini ta‘minlaydi.

Ya‘ni, agar ular jinoyat sodir etganiga oid asosli dalillarga ega bo‘lishsa, muslimalarni yuzlarini ochishga majbur qilishlari mumkin bo‘ladi.

Munosabat

Avstraliyadagi ko‘plab islomiy guruhlar esa, yangi o‘zgarishlarga e‘tirozlari yo‘qligini aytishmoqda.

Ammo, ularga ko‘ra, politsiya xodimlari muslima xotin-qizlarga ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lishsa, bas.

Jamila Husayn Sidneydagi universitetlarning birida fiqhdan dars beradi.

Uning aytishicha, yangi tartib-qoidalar musulmon jamoasini xafa qilmasligi kerak.

"Siz Islomiy davlatdan tashqarida yashasangiz, o‘sha yerning qonun-qoidalariga amal qilishingiz lozim. Agar siz yashab turgan davlatdagi qonunlarga muvofiq shaxsingizni aniqlash uchun yuzingizni ochishingiz lozim bo‘lsa, shunday qilishingiz lozim. Ya‘ni, bundan bo‘yin tovlolmaysiz", deydi Jamila Husayn.

Ammo fuqaroviy erkinliklarni himoya etuvchi faollarga ko‘ra, rasmiylar politsiyaning qudratini keragidan ortiq kuchaytirib yuborishmoqda.

Avstraliyadagi musulmon jamoalarini asosan Pokiston va Afg‘onistondan kelgan muhojirlar tashkil etishadi.

Sabab

Shtatdagi so‘nggi yangiliklarga esa, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan irqchilikka oid mahkama ishi sabab bo‘lgan.

Tekshiruv chog‘ida burqasini yechishni talab etgani uchun, bir muslima ayol politsiya zobitini irqchilikda ayblab, mahkamaga bergandi.

Endi esa, agar biror bir jinoyat qilganlikda gumon etsa, politsiya xodimi sizni har qanday diniy yopinchiqlarni yechishga majbur qila oladi.

Mas‘ullar, "Lozim bo‘lgan taqdirda, o‘zlari istagan insonning shaxsini aniqlash vakolatini berish uchun bu kabi o‘zgarishlarga qo‘l urishgan"ini aytishmoqda.

Yangi tartib-qoidalarga muvofiq, yuzini ochishdan bo‘yin tovlaganlarga 6.000 AQSh dollari miqdorida jarima solinadi yoki bir yillik qamoq jazosi beriladi.

Sidneyda bo‘lgan muxbirimizning xabar berishicha, Avstraliyaning boshqa shtatlarida ham xuddi shunday tartib-qoidalarni joriy etish istagida bo‘lganlar yo‘q emas.

Avstraliya birinchi emas

Shu yilning aprel oyida Frantsiyada Ovro‘po davlatlari orasida birinchi bo‘lib jamoat yerlarida yuzni butunlay yopib turuvchi niqob va burqa kabi islomiy ust-boshlarni taqiqlovchi qonun kuchga kirgandi.

Yangi qonunga muvofiq esa, Frantsiyada jamoat joylarida burqa kiyib yurgan har bir ayol 150 yevro jarimaga tortiladi.

Bundan avval Belgiya parlamenti va Gollandiya Vazirlar Mahkamasi ham xuddi shunday mazmundagi qonun loyihasini muhokama etishgandi.

Qonunni dastaklayotganlar bunday choralar xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim ekanini ta‘kidlashadi.

Ularning aytishlaricha, politsiya jamoat joylarida insonlarning kimligini aniqlash imkoniga ega bo‘lishi kerak.

Boshqalariga ko‘ra, bu - jamoalararo integratsiyaning yaxshilanishi uchun muhim.

Ba‘zilar esa, yuzni to‘liq yopib turuvchi niqob yoki burqani ayollarni tahqirlash ramzi sifatida ko‘rishadi.