Rossiya Prezidenti: terrorizmga qarshi kurash "jasadlar bilan hisobot berish"ni anglatmaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Rossiya Prezidenti terrorizmga qarshi kurash "jasadlar bilan hisobot berish" bilan cheklanmasligi kerakligini aytdi.

Fuqaro jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari Kengashi majlisida gapirgan Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev terroristlarni yo‘q qilish yagona maqsad bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

"Ularni nafaqat yo‘qotish, balki qaytarishga ham harakat qilish kerak", deb aytdi janob Medvedev.

Unga ko‘ra, terrorizmga qarshi kurashda ham qonuniylikni ta‘minlash kerak va terrorchilarni yo‘q qilib tashlashga da‘vatlar davri o‘tmishda qolgan.

Bu so‘zlarni janob Medvedev "Memorial" inson huquqlari tashkiloti a‘zosi Svetlana Gannushkinaga javoban aytdi.

Gannushkina xonim majlisda Qofqozda ekstrremistik kuchlarga qarshi kurash nafaqat samarasiz, balki aks natijani keltirib chiqarayotganligini aytdi.

Iyun oyi boshlarida esa Rossiya Ichki Ishlar vaziri Rashid Nurgaliyev yil boshidan beri Shimoliy-Qofqoz federal okrugida 200dan ortiq jangari o‘ldirilgani, ulardan 100 nafari Dog‘istonda o‘ldirilganini ma‘lum qilgandi.

Terrorizmga qarshi kurash uslubi tanqid ostiga olindi

Svetalan Gannushkina federal hukumatning Shimoliy Qofqozda yuritayotgan siyosatini tanqid qilib, hukumatning ekstremizmga qarshi tajovuzkorona kurashi o‘z navtida tajovuzkorlikni keltirib chiaqrayotgani va ko‘plab odamlarning islomiy ekstremistlar safiga qo‘shilishga undayotganligini aytdi.

U, jumladan, Chechen respublikasi rasmiylarining aholiga qarshi zo‘ravonlik va odamlarni o‘g‘irlash holatlarini tekshirishdan bosh tortayotganligini misol qilib keltirdi.

Rossiya Prezidenti esa, jangarilarni qurollarini tashlashga ishontirish uchun hukumat ko‘proq ishlarni amalga oshirishi kerakligini tan oldi.

"Terrorchilik g‘oyalarini targ‘ib qilayotganlarni yo‘qotibgina emas, ularni qayta tarbiyalab, qaytarib olishga harakat qilish kerak. Bu esa o‘ta og‘ir ish", dedi janob Medvedev.

Ingushiston Respublikasi rahbari Yunusbek Yevkurov esa o‘ldirilgan jangarilarning jasadlarini yaqinlariga dafn qilish uchun bermaslik qarori bilan muvofiq emasligini bildirdi.

Unga ko‘ra, bu taqiq odamlarni g‘azabga solib, hukumatga qarshi yashirin kurashga qo‘shilishga undayotgan omillardan biridir.

O‘ldirilgan jangarilarning jasadlarini yaqinlariga bermaslik "Dafn qilish haqida"gi federal qonunda qayd etilgan.

2007 yili Konstitutsion mahkama bu amal mamlakat Konstitutsiyasiga zid emasligi haqida hukm chiqargandi.