Amnesty International: Suriya hukumati amallari insoniyatga qarshi jinoyat sifatida ko‘rilishi mumkin

Image caption Suriya bo‘ylab keng tus olgan aksilhukumat namoyishlari mart oyining o‘rtalaridan beri ro‘y bermoqda.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti Amnesty International Suriyada ro‘y berayotgan zo‘ravonliklarni tekshirish uchun BMT tomonidan maxsus tekshiruv o‘tkazilishiga da‘vat qildi.

Tashkilotga ko‘ra, hukumatning norozi namoyishchilarga nisbatan qo‘llayotgan amallari insoniyatga qarshi jinoyat sifatida ko‘rilishi mumkin.

Tashkilot chiqargan yangi hisobotda Suriyada oxirgi oylarda ro‘y bergan qator qiynoq holatlari, hibsxonadagi o‘limlar va asossiz hibsga olishlar qayd etilgan.

Bu holatlarning hammasi may oyida hukumat kuchlarining mamlakat shimolidagi Tel Kalax qishlog‘iga huruji bilan bog‘liqdir.

Amnesty Internationalga ko‘ra BMT Suriyani Haagadagi Xalqaro jinoyat mahkamasiga tortmog‘i lozim.

Suriyalik inson huquqlari faolllariga ko‘ra, shu yili mart oyi o‘rtalarida boshlangan aksilhukumat namoyishlarida 1350 dan ortiq kishi shuningdek, 350 nafar Xavfsizlik xizmati askari halok bo‘lgan.

Guvohlar ko‘rsatmalariga asosan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 14 may kuni Livan bilan chegaraga yaqin joylashgan Tel Kalax qishlog‘ida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.

Hukumat kuchlari u yerga yetib kelib, chegara tomon qochishga harakat qilgan oilalarga qarata o‘q ochganlar.

Keyinchalik qishloqning qator erkak yashovchilari hibsga olingan.

Amnesty Internationalga ko‘ra, ularning aksari qiynoqqa tutilgan.

Image caption Namoyishlarda halok bo‘lganlarning dafn marosimlari ham norozilik namoyishlariga aylanmoqda.

Bir hodisada hibsga olinganlarni olib ketayotgan hukumat askarlari necha kishi qo‘lga olinganini aniqlash uchun ularning bo‘ynilariga yondirilgan sigaret bosib, hisoblaganlar.

So‘roq usullari...

Amnesty International hisobotida Mahmud ismli bir yigit misoli keltirilgan.

Uni Homs shahrida hibsga olib, besh kun mobaynida bog‘lab qo‘yilgan holda ushlab, elektr toki bilan qiynoqqa tutganlar.

Guvohlarga ko‘ra, Tel Kalax qishlog‘idan kamida 9 kishi hisbda bo‘lgan vaqti olamdan ko‘z yumgan.

Amnesty Internationalning aytishicha, Tel Kalaxda sodir etilgan jinoyatlar insoniyatga qarshi jinoyatlar sifatida ko‘rilishi mumkin, chunki bu jinoyatlar keng tarqalgan, mutassil tus olgan va tinch aholiga qarshi yo‘naltirilgan.

Tashkilot BMT Xavfsizlik kengashi Suriyadagi vaziyat yuzasidan Xalqaro Jinoyat mahkamasi tekshiruvi o‘tkazilishiga tavsiya qilishi lozimligini bildirgan.

Aksilhukumat namoyishlarida "qurollangan guruhlar" va "terrorchilar"ni ayblab kelayotgan Suriya hukumati esa kelasi hafta yana bir bor muxolifat vakillari bilan uchrashib, dialog o‘tkazishga chaqirdi. Ammo zo‘ravonliklar davom etar ekan muxolifat hukumat tomoni bilan uchrashishdan bosh tortmoqda.