Afg‘oniston prezidentining ukasi o‘ldirilgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Ahmad Vali Karzay mubohasali siyosatchi edi

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzayning ukasi Ahmad Vali Karzay o‘ziga qarshi uyushtirilgan hujumda o‘ldirilgan.

Bu haqida Prezident Karzayning voizi Voxid Umar BBCga ma‘lum qildi.

Xabarlarga ko‘ra, Ahmad Vali Karzay mamlakat janubidagi Qandahor viloyatida joylashgan uyida o‘z qo‘riqchisi tomonidan otib o‘ldirilgan.

Ahmad Vali Karzay Qandahor Viloyati Kengashining raisi edi.

Pushtun huquqlarining himoyachisi deb ko‘rilgan Ahmad Vali Karzay Afg‘oniston siyosatiagi mubohasali siyosatchilardan hisoblangan.

Tanqidchilar uni korruptsiyaga botgan dala qo‘mondoni deya qoralashadi.

New York Times 2009 yil oktyabrida chop qilgan maqolasida o‘tgan to‘qqiz yil davomida AQShning Markaziy Josuslik Agentligi unga pul to‘lab kelganini da‘vo qilgan.

Gazeta, shuningdek, Ahmad Vali Karzay o‘z jangarilari bilan MJA to‘lovlari yordamida Qandahor atrofidagi Tolibonga qarshi hujumlar uyushtirganini yozgan.

Ahmad Vali Karzay o‘z joniga uyushtirilgan suiqasd harakatlaridan avval bir necha bor omon qolgandi. Eng so‘nggi suiqasd amali 2009 yilda qilingandi.