General Petraeus Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari ustidan qo‘mondonlikni topshirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlari qo‘mondoni General David Petraeus harbiy amaliyotlar uchun rahbarlikni general-leytenant John Allenga topshirdi.

Oxirgi yillarda Afg‘onistondagi soni oshirilgan AQSh qo‘shinlari va NATO kuchlariga qo‘mondonlik qilgan general Petreus Amerika Markaziy Josuslik boshqarmasiga rahbar etib tayinlangan, yaqin orada bu lavozimda o‘z faoliyatini boshlaydi.

Boshqaruvni topshirish Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzayning yaqin maslahatchisi Jon Muhammad Xon Kobuldagi uyida o‘ldirilgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Yakshanba kuni NATO qo‘shinlari Bomiyon viloyatidagi xavfsizlik nazoratini mahalliy kuchlarga topshirdi.

Bu Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay shu yil mart oyida e‘lon qilgan Afg‘on xavfsizlik kuchlari ma‘suliyatni o‘z zimmalariga oladigan yetti hududdan biridir.

37 yil mobaynida AQSh armiyasida xizmat qilgan general Devid Petreusga sobiq prezident Jorj Bush Iroqdagi urush qo‘mondonligini topshirgan, Iroqdagi vaziyat nisbatan tinchlanishiga erishilgani generel Petreus xizmati deb ko‘rildi.

So‘ng unga Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari ustidan rahbarlik topshirildi, bu paytda Tolibonga qarshi kurash uchun Amerika harbiylarining soni qo‘shimcha 30 mingga ko‘paytirildi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Afg‘oniston prezidentining maslahatchisi Jon Muhammad Xon o‘z uyida o‘ldirilishi oldinda mushkulliklar ko‘pligini namoyon etadi

Shu yaqin oylarda AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishning birinchi bosqichini boshlaydi.

"Biroq Afg‘oniston poytaxtida Prezident Karzayning maslahatchisi o‘ldirilgani oldinda mushkulliklar ko‘pligini namoyon etadi", deydi BBCning Kobuldagi muxbiri Sanjoy Majumder.

Atigi bir necha kun ilgari Homid Karzayning ukasi Ahmad Vali Karzay Qandahorda uyushtirilgan suiqasdda halok bo‘lgan edi.

Prezidentning maslahatchisi Jon Muhammad Xon va uning uyiga mehmonga tashrif buyurgan Afg‘on parlamenti a‘zosi Hasham Vatanvol hujumda halok bo‘lganlar.

Politsiyaga ko‘ra, Kobulning Karti Chor tumanidagi Jon Muhammad Xonning uyiga hujum qilganlar xudkushlik belbog‘larini taqqan bo‘lganlar, hujumchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasida otishma yuz bergan.

Muxbirlar O‘ruzgon viloyatining sobiq hokimi bo‘lgan prezident maslahatchisining mubohasali siyosatchi bo‘lganini aytadilar.

Afg‘onistondagi muxbirlarning xabar qilishlaricha, talofotlar soni ortayotganiga qaramasdan, qo‘shimcha Amerika askarlari hamda o‘n minglab Afg‘on politsiyasi va askarlari joylashtirilgani sabab mamlakatning qator hududlarida xavfsizlik vaziyati yaxshilangani kuzatiladi.