BMT: Somali janubi ocharchilikni boshidan kechirmoqda

Image caption Hisob-kitoblarga ko‘ra, Afrika sharqida kuzatilayotgan ocharchilikdan 10 million inson jabr ko‘rmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Somali janubidagi ikki hududda ocharchilik, deb e‘lon qilgan. Mamlakat qariyb yarim asrdan ko‘proq vaqt asnosidagi eng qaqshatqich qurg‘oqchilikdan aziyat chekmoqda.

BMTga ko‘ra, janubiy Bakul va Quyi Shabell mintaqalaridagi vaziyat keskinlashgan.

Mamlakat 19 yildan buyon ilk bor ocharchilikni boshidan kechirmoqda.

Ayni paytda BMT va Qo‘shma Shtatlar Somalidagi qurolli guruhlarni muxtojlarga ko‘mak yetkazish uchun yordam tashkilotlariga ko‘proq xavfsizlik kafolatini berishga chaqirmoqda.

Al-Qoidaga aloqador ko‘riladigan Al-Shabab guruhi Somali janubi va markazi katta qismini nazorat qiladi. Qurolli guruh 2009 yil o‘z qo‘li ostidagi mintaqalarda yordam agentliklari kirishiga taqiq qo‘ygandi. Biroq, yaqindan boshlab cheklangan doiradagi faoliyatga izn bergan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sharqiy Afrikadagi yarim asr asnosidagi eng yomoni deya ta‘riflanayotgan qurg‘oqchilikdan 10 million inson jabr ko‘rgan. O‘ta tang ahvolda qolgan 166,000 somalilik qo‘shni Keniya va yo Efiopiyaga qochib o‘tgan.

Qurg‘oqchilik, qarama-qarshiliklar va qashshoqlik ocharchilik keltirib chiqargan omillar sanaladi.

Bugunda mamlakatdagi 30 foiz bolalar to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda hamda kuniga har 10, 000 boladan 4 nafari hayotdan ko‘z yummoqda.

'Dunyo hamjamiyati yordamga shoshilishi shart'

"Mamlakat bo‘ylab Somali aholisining qariyb yarmi - 3.7 million nafari hozir inqirozni boshidan kechirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning 2.8 millioni janubiy mintaqalarda", deyiladi BMTning Somalidagi Insonparvarlik yordamlarini muvofiqlashtiruvchi idorasi chiqargan hisobotda.

Tashkilotga ko‘ra, davomiy qarama-qarshiliklar yordam agentliklarining Al-Shabab nazorat qilayotgan janubiy hududlarga yetib borishlarini o‘ta qiyinlashtirgan.

"Agar biz hozir zaruriy qadamlarni qo‘ymasak, hosildorlikning o‘ta kamligi va yuqumli kasalliklar tarqalishi tufayli ocharchilik Somali janubidagi barcha 8 mintaqaga yoyiladi", deya ogohlantiradi BMTning Somalidagi Insonparvarlik yordamlarini muvofiqlashtiruvchi idorasi rahbari Mark Bouden.

"Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, ocharchilik muammosini hal etish uchun kelasi ikki oy ichida 300 million dollar kerak bo‘ladi", deydi u.

BBCning Afrika masalalari bo‘yicha muxbiri Andryu Hardingning aytishicha, "ocharchilik" so‘zi kamdan-kam hollarda va o‘ta ehtiyotkorlik bilan ishlatiladi. Somalidagi vaziyatga 1992 yildan beri ilk bor ushbu so‘z qo‘llanilmoqda.

Buyuk Britaniyaning Xalqaro Taraqqiyot bo‘yicha kotibi Andryu Mitchel ko‘plab Ovro‘po davlatlari va rivojlanayotgan mamlakatlarning Shimoli-sharqiy Afrikadagi ushbu inqirozga javobini "bema‘ni va xatarli ravishda talabga javob bermaydi", deya ta‘riflagan.

Unga ko‘ra, Somalida ocharchilik deb e‘lon qilinishi vaziyat naqadar abgorligini ko‘rsatadi va dunyo hamjamiyati zudlik bilan yordamga shoshilishi zarur.

Ayni paytda BMT xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yordam yetkazish ishlariga xalaqit berayotganini aytarkan, ocharchilikdan jabr ko‘rayotgan hududlarga yetib borishga imkon yaratishga chaqiradi.

Hodisalarning boshqa bir rivojida Xalqaro Amnesti tashkiloti Somalidagi Al-Shabab kabi qurolli guruhlar tomonidan bolalarni harbiylikka yollash amallari muntazam kuzatilmoqda.

Tashkilotning aytishicha, mamlakatdan qochib chiqqan 200dan ortiq somalilik bilan suhbatlardan anglashilishicha, yollanayotganlarning eng kichigi 8 yoshdir.

Xalqaro Amnesti chiqargan hisobotda aytilishicha, Al-Shabab bolalarni pul va qo‘l telefonlari berish va‘dalari bilan yo‘ldan uradi. Shu bilan birga, hisobotga ko‘ra, qurolli guruh bolalarni o‘g‘irlab ketib ham ularni askarlikka majburlaydi.