Adolf Gitlerning yordamchisi ko‘milgan qabr buzib tashlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Neo-natsistlar Hessning qabri boshida gulchambarlar qo‘yishni odat qilishgandi

Adolf Gitlerning o‘rinbosari Rudolf Hess ko‘milgan qabr neo-natsistlar tarafidan ziyoratgohga aylantirilganini to‘xtatish uchun buzib tashlangan.

Chorshanba kuni Hessning suyagi qoldiqlari Olmoniya janubida joylashgan Vunzidel shaharchasidagi qabristondan kavlab olingandi.

Keyin qoldiqlar kuydirilib, dengizga sochib yuborilgan.

Hess 1941 yil Britaniyaga uchib kelganidan so‘ng qo‘lga olinib, bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi. U 1987 yil 93 yoshida Berlindagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan.

Vasiyatnomasida aytganidek, u Bavariyadagi kichkina Vunzidel shaharchasida dafn etilgan. Vunzidelda Hessning dachasi bo‘lgan va uning ota-onasi ham o‘sha yerda ko‘milgan.

O‘sha payt mahalliy Luteran cherkovi marhumning istagini rad etib bo‘lmasligini aytib, Rudolf Hessni Vunzidel qabristonida dafn qilishga ruxsat bergandi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Rudolf Hess 40 yillik umrini Berlindagi Spandau qamoqxonasida o‘tkazgan

Biroq, keyinroq ular va mahalliy odamlar qabrni qator o‘ta-o‘ng qanot guruhlar ziyorat qilayotganlaridan xavotirga tushishgan.

Har yili Hessning o‘lgan kuni neo-natsistlar qabristonga yurish uyushtirishga uringanlar, qabrga gullar qo‘yishgan.

2005 yil mahkamaning qabristonda bu kabi yig‘inlarni taqiqlashga oid qarorining ta‘siri haminqadar bo‘lganidan so‘ng, cherkov 2011 yil ushbu qabr uchun ijara shartnomasini to‘xtatgan.

Hessning nabirasi mahkama qaroriga norozilik bildirib, uning amalga tadbig‘ini to‘xtatish uchun shikoyat arizasi bilan chiqqan. Biroq, alal-oqibat cherkov kengashi ushbu ishni bekor qildirishga va qabrni buzishga izn berilishiga erishgan.

Rudolf Hess Gitlerning eng yaqin yordamchilaridan biri bo‘lgan. Ammo, 1941 yil u yolg‘iz o‘zi Shotlandiyaga uchgan va uchog‘i avariya holatida qo‘nishga majbur bo‘lgan.

U urush payti Britaniya tarafidan qamoqqa tashlangan. 1946 yil Nyurnbergda kechgan mahkama uni urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlardan oqlagan, lekin tinchlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor topib, bir umrga ozodlikdan mahrum etgan.

U 40 yillik umrini Berlindagi Spandau qamoqxonasida o‘tkazgan. 1987 yil avgustida o‘sha yerda u o‘zini osgan holda topilgan.