Afg‘oniston: Britan harbiylari bolalar jarohatlangani hodisasini tekshirishni boshlagan

Фото муаллифлик ҳуқуқи PA
Image caption Apache tikucharlari hujumlarida tinch fuqarolar halok bo‘lgani hodisalari soni ham ortgan

Shanba kuni Britaniya harbiylarining amaliyotida bolalar yaralangani hodisasi bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Hodisa shanba kuni Helmand viloyatining Nahri Saroj tumanida yuz bergan.

Britan harbiylariga ko‘ra, Apache tikucharidan isyonkorni nishonga olgan paytida besh bola jarohatlangan.

Britan harbiylarining Afg‘onistondagi so‘zchisi aytishicha, shanba kuni Apache tikuchari taniqli isyonkorlardan birining iziga tushgan.

BBCga ayon bo‘lishicha, gumondor mototsiklga o‘tirib qochgan.

Tikchardan o‘t ochilganida qochayotgan isyonkorga yaqin joyda bo‘lgan bolalarga o‘q tekkan.

Britan harbiylari so‘zchisi harbiy amaliyotdan tinch fuqarolar jabr ko‘rganidan chuqur afsusda ekanini bildirgan.

Hodisa bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.

Besh bola yaqin atrofdagi shifoxonaga yotqizilgan, ularga Britaniya harbiylarining bazasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Bolalarni Britan harbiy shifokorlari davolashda davom etayotganlari xabar qilingan.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, 2011 yilning ilk olti oyi Afg‘onistonda urush boshlanganidan buyon tinch fuqarolar uchun eng halokatli yil bo‘lgan.

Yil boshidan buyon 1400 dan ortiq qurolsiz inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Halok bo‘lganlarning aksari isyonkorlarning harakatlaridan hayotdan ko‘z yumganlar, shuningdek, Apache tikucharlaridan havodan o‘qqa tutilganda tinch fuqarolar o‘lgani hodisalari ko‘paygani ham aytilgan.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay xalqaro kuchlarning tinch fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgani amaliyotlari tufayli bir necha marta o‘z noroziligini bildirgan.