Koreyaning Hindiston energetika bozoriga kirish orzusi ushalmoqda

Image caption Hindiston atom energetika bozori 150 milliard dollarni tashkil qiladi

Janubiy Koreya va Hindiston tinch maqsadlardagi yadroviy energetika bo‘yicha kelishuv imzolagan.

Bu bilan Janubiy Koreyaning Hindiston energetika bozoriga kirish orzusi ushalishi uchun keng imkoniyatlar ochilgan, deyish mumkin.

Janubiy Koreya mazkur kelishuv asosida Hindistonga yadroviy quvvvat texnologiyasini yetkazib berishi mumkin.

Bu Hindiston shiddat bilan rivojlanayotgani bois o‘z energetika ta‘minoti ehtiyojlarini qondirishda mushkulotlarga duch kelayotgan bir paytda kuzatilmoqda.

Janubiy Koreya Hindiston bilan yadroviy quvvat bo‘yicha bitim imzolagan to‘qqizinchi davlatdir.

Manfaatli kelishuv "Koreya Respublikasi Hindistonda tinch maqsadlardagi yadro energetikasini rivojlantirishda yana bir hamkor bo‘lishini kutib qolamiz," - deb aytgan Hindiston Tashqi ishlar vazirligidan Sanjoy Sinkx

Hindiston atom energetika bozori, hisob kitoblarga ko‘ra, 150 milliardni tashkil qiladi.

O‘tgan yil Hindiston quyi parlamenti yadroviy energetika bozorini xususiy sarmoyalarga ochishga qaratilgan qonunni ma‘qullagandi.

Qonun xorijiy shirkatlar reaktorlar barpo etishiga izn beradi.

Aftidan, kelajakda mamlakatning yadroviy quvvatga qaramligi o‘sadigan ko‘rinadi.

Hindiston 2050 yilga borib, elektr ta‘minoti chorak qismini yadroviy quvvat hisobiga qondirmoqchi.

Buning uchun, Hindiston bir necha yillar ichida 30ga yaqin reaktorni barpo etishni rejalaydi.

Hindistonda yadroviy energetika bozori endi paydo bo‘larkan, Janubiy Koreyada ushbu soha shiddat bilan rivojlandi.

Janubiy Koreya elektr ehtiyojining qariyb uchdan bir qismi yadroviy inshootlari hisobiga ta‘minlanadi.

Sharhlovchilarga ko‘ra, Hindiston yadroviy energetika bozorini kengaytirish ilinjida bo‘lgan bir paytda Janubiy Koreya o‘z texnologiyasini eksport qilishni istaydi va shu bois, ular o‘rtasida imzolangan kelishuv har ikki mamlakat uchun ham uzoq muddatga manfaatli bo‘lishi mumkin.