Britaniya: BBC xodimlari yana ish tashladilar

Image caption Bu oxirgi oydagi BBC xodimlarining ikkinchi ish tashlashi

Britaniya Radio korporatsiyasi - BBC jurnalistlari ish o‘rinlarini qisqartirishga qarshi ikkinchi 24 soatlik ish tashlashga chiqishdi.

Mahalliy jurnalistlar ittifoqi a‘zolari ish tashlashni dushanba kuni yarim tundayoq boshlashgan.

Seshanba kundan e‘tiboran ular "qoidaga binoan"ishlash tartibiga, ya‘niki xizmat vazifalariga muvofiq bo‘lmagan har qanday ishni bajarmaslikka o‘tishmoqchi.

Kasaba uyushmasi rahbarlariga ko‘ra, BBC rahbariyati ish o‘rinlarini qisqartirish muammosini yechishga jiddiy ko‘z bilan qaramayapti.

Korporatsiya rahbariyati esa o‘z ixtiyori bilan bo‘shash taklif etilgan xodimlar ilgari surayotgan talablar maqsadga muvofiq emas, deydi.

Shu yilning 15 iyulida ham BBC xodimlari ish tashlashgan, bu korporatsiya teleko‘rsatuvlari va radio eshittirishlariga ma‘lum darajada ta‘sir qilgan bo‘lsa-da, korporatsiya matbuot kotibi bu ta‘sir kutilganidan ancha zaif bo‘lganini aytgan.

BBCning biznes ishlari bo‘yicha direktori Lusy Adamsning xodimlarga yuborgan maktubida aytilishicha, korporatsiya rahbariyati oxirgi haftalarda kasaba uyushmalari rahbarlari bilan "ko‘tarilgan masalalarni hal etish" bo‘yicha doimiy muloqotda bo‘lib turgan.

"Davlat tomonidan moliyalash sezirlarli qisqartirilgani natijasida Jahon xizmati va BBC Monitoringda 387 ishchi o‘rinlarini qisqartirishga to‘g‘ri keldi, bu esa afsuski, 100 xodimning ishdan ketishi degani. Biz qisqartirishga uchragan barcha xodimlarimizni yangi ishga joylashtirish va qo‘shimcha o‘qishlarga ko‘maklashish borasida ishlayapmiz. Lekin biz ularning ba‘zilariga kasaba uyushmasi a‘zolari bo‘lgani uchun alohida imkoniyat berolmaymiz", deb aytgan Lusy Adams.

Kasaba uyushmalari a‘zolari BBC rahbariyatini yuqori malakali va tajribali xodimlarni bo‘shatish bilan minglab funt-sterlingni havoga sovurishda ayblaydilar, ularning fikricha, ish bor joylarga bu xodimlarni joylashtirish mumkin edi.