AQSh davlat qarzi kelishuvi haqidagi xabar jahon bozorlarini jonlantirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Prezident Barak Obama e‘lon qilishicha, Respublikachilar va Demokratlar rahbarlari AQSh davlat qarzi miqdorini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishganlar, texnik defolt oldi olingan.

Ammo bu kelishuvni Kongress tasdiqlashi talab qilinadi.

"Kongress ikki palatasidagi partiyalarning rahbarlari byudjet defitsitini qisqartirishga va defolt oldini olishga imkon beradigan bitimga erishganlarini e‘lon qilmoqchiman. Defolt bizning iqtisodimizni izdan chiqaradigan oqibatlarga olib keladigan defolt bo‘lishi mumkin edi", degan Prezident Obama.

Davlat qarzini oshirish uchun mo‘ljallangan eng oxirgi muddat 2 avgustgacha etib belgilangan.

Hozirgi paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarining qarzi miqdori 14 trillion 300 milliard dollarni tashkil etgan, qarzni kamaytirish yuzasidan bahs ikki partiya vakillari o‘rtasida ancha davom etdi.

Loyihaga ko‘ra, qarzning eng yuqori nuqtasi 2 trillion 400 milliard dollarni tashkil etadi.

10 yil mobaynida AQSh byudjeti xarajat qismini 1 trillion dollarga kamaytirish ko‘zda tutiladi.

Prezident Obama aytishicha, byudjet defitsitini kamaytirish maqsadida maxsus komissiya tashkil etiladi, bu komissiya o‘zining takliflarini noyabr oyida taqdim etadi.

Amerika qonunchiligi bo‘yicha har bir hukumat sarflashi mumkin bo‘lgan davlat qarzining eng maksimal darajasi maxsus qonun bilan belgilanadi, Obama ma‘muriyati esa agar "qarzlar tomiga yetib borilgan bo‘lsa", ish haqlari va boshqa to‘lovlarni qanday to‘lashi borasida tobora ko‘proq bosim ostida qolib kelayotgan edi.

Prezident Obamaning AQSh davlat qarzi borasidagi e‘loni jahondagi qimmatbaho qog‘ozlar bozoriga ijobiy ta‘sir ko‘rsatgan, Tokio birjasida AQSh dollarining qiymati Yaponiya iyenasiga nisbatan ko‘tarilgan.