Admiral Mullen: Afg‘on chegarasi jahondagi eng xavfli joy

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Amerika armiyasi shtablar boshliqlarining Birlashgan qo‘mitasi rahbari admiral Mayk Mallen, Pokistonni mintaqada zo‘ravonliklarni o‘t oldirishda, uning o‘zi aytmoqchi, proksilardan foydalanishni bas qilishga chaqirgan.

BBC bilan suhbatda admiral Mayk Mallen Pokistondan Haqqoniy tarmog‘i singari "Al-Qoida" ittifoqchilariga qarshi keskin choralar ko‘rishga chaqirgan.

Admiral Mallen so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaradosh hududlari jahondagi eng xavfli hudud bo‘lib qolayatpi, u bu joylarni "terrorizm epitsentri" deb atagan.

Admiral Mayk Mallen Pokistonga murojaat qilib, jangarilar uchun bexavotir panohgoh bo‘lib xizmat qilayotgan joylarga chek qo‘yishni chaqirgan.

Oxirgi kunlarda Admiral Mallen Afg‘onistonning janubi va sharqiy hududlarida joylashgan AQSh harbiy bazalariga tashrif buyurgan.

Ushbu tashrif admiral Mallenning armiya shtablar boshliqlarining birlashgan qo‘mitasi rahbari sifatidagi so‘nggi tashrifi bo‘ladi, u yaqinda lavozimidan iste‘foga chiqmoqda.

Admiral Mallenning aytishicha, uning eng katta xavotiri - Pokistonning Afg‘on chegarasiga tutash qavmlar hududi hamon beqarorlikka sabab bo‘lib qolayotganidir.

"Usama bin Lodinning o‘ldirilganiga qaramasdan, bin Lodinning ko‘plab safdoshlari hali ham bu hududlardagi amaliyotlarni tashkillashtirayaptilar", degan Amerika admirali.

Janob Mallenning aytishicha, Pokistonning yetakchi harbiy rahbarlari bilan uchrashgan paytida u o‘zining xavotirlarini bildirgan.

"Men shuni o‘rgandimki, balki men ozgina sabrsiz bo‘lsam kerak va men narsalar tez yuz berishini istayman. Ularning sabrlari boshqacha va biz ba‘zan qachon oldinga siljish masalasida fikrlarimiz har joydan chiqadi. Ammo shuni aytish kerakki, bu ularning - Pokiston harbiylarining qarori bo‘lishi kerak. Lekin bu degani biz bu masalalarni ko‘tarmaymiz, degani emas", deb aytgan Amerika admirali.

"Pokiston turli guruhlarga qarshi amaliyotlarda o‘zining askarlarini yo‘qotdi. Ammo ular Afg‘on Haqqoniy tarmog‘iga o‘xshagan terrorchilarga qarshi borishmas ekan, bu narsa Vashington bilan Islomobod aloqalariga ta‘sir ko‘rsatadi", deb aytgan admiral Mallen.

Yetakchi harbiy mulozim Qo‘shma Shtatlar kuchlarining may oyida Usama bin Lodinni o‘ldirgin va Pokiston harbiylarining yuzini yerga qaratgan reyd tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarangligicha qolayotganini e‘tirof etgan.

"Lekin javob aloqalarni buzishda emas", deb aytgan admiral.

Pokiston rasmiylari aytishlaricha, qavmlar nazoratidagi hududlarda o‘zlarining strategik manfaatlari va strategik yondashuvlari mavjud.

Buni yaxshi tushunishini aytgan admiral Mayk Mallen, agar beqarorlik yanada kuchayadigan bo‘lsa, bu atrofdagi hamma uchun jiddiy mushkullik bo‘ladi, deb aytgan.