Shinjon politsiyasi uyg‘ur hujumchilarni otib o‘ldirganini aytmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty Images

Xitoyning Shinjon Uyg‘ur bo‘lgasi politsiyasi xabar qilishicha, dam olish kunlaridagi hujumlarda ayblangan va qidiruv e‘lon qilingan ikki uyg‘urni otib o‘ldirgan.

Qashg‘ar rasmiylariga ko‘ra, ikki gumondor makkajo‘xorizorda yashiringanlar.

Xitoyning Sinxua axborot agentligi dushanba kuni otib o‘ldirilgan shaxslarni musulmon uyg‘ur ekanliklarini aytadi.

Ularning 29 yoshli Mamatali Tilavoldi va 34 yoshli Tursun Hasan ekanlari xabar berilgan.

Xitoy rasmiylari bu insonlarni Pokistondagi jangarilar tayyorlaydigan jamloqda harbiy tayyorgarliklardan o‘tganlikda ayblaganlar.

30 va 31 iyul kunlari Shinjon Uyg‘ur bo‘lgasining Qashg‘ar shahrida yuz bergan zo‘ravonliklarda kamida 20 inson halok bo‘lgani xabar qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, dastlab Qashg‘ardagi restoranlardan biriga besh kishi hujum qilgan va olti kishini o‘ldirgan, voqea joyiga borgan politsiya bu besh kishini otib o‘ldirganini aytgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Kashgar Police Department
Image caption Xitoy rasmiylari 29 yoshli Mamatali Tilavoldi va 34 yoshli Tursun Hasanni Pokistondagi jangarilar jamlog‘ida harbiy tayyorgarlikdan o‘tganlikda aybladi

Qashg‘ardagi Xitoy rasmiylariga ko‘ra, shanba kuni kechqurun qo‘lida pichog‘i bo‘lgan ikki kishi og‘ir yuk avtomobilining haydovchisini o‘ldirib, mashinani olomon ustiga haydagan, sakkiz kishi o‘lgani, 28 kishi yaralangani xabar qilingan.

Zo‘ravonliklar yakshanba kuni ham davom etgan, Qashg‘ar xiyobonlaridan biridagi restoran portlagan.

Rasmiylar yana pichoq bilan qurollangan besh kishi politsiyachilarga va yo‘lovchilarga hujum qilganini aytganlar.

Bu hodisada olti yo‘lovchi halok bo‘lgani, 12 kishi yaralangani xabar qilingan.

Zo‘ravonliklar ortidan Shinjon kommunistlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazganlar, shaharda komendantlik soati joriy etilgan, ammo rasmiylar komendantlik soati haqidagi xabarni rad etdilar.

Shinjon Uyg‘ur bo‘lgasi ikki hafta ilgari ham zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgan edi.

Xo‘ton shahridagi hodisalarda 18 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Xitoy rasmiylari bo‘lginchilarni davlat idoralari va xodimlarini garovga olish va hujumlarda ayblagan, biroq uyg‘ur faollariga ko‘ra, Xitoy hukumati tinch namoyishchilarni o‘qqa tutib, so‘ng ularni g‘alayonchilar deya yomonotliq etgan.