Avstraliyalik qiz bo‘yniga bog‘lab ketilgan soxta bomba bo‘lib chiqdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Madlen Pulver shifxonaga yotqizilgan

Mahalliy politsiyaga ko‘ra, avstraliyalik millionerning qizi bo‘yniga bog‘lab ketilgan bomba soxta bo‘lib chiqqan.

Soxta bombani 18 yoshli Madlen Pulverning bo‘ynidan yechib olish uchun 10 soat vaqt ketgan, Yangi Janubiy Uels shtatining boy-badavlat odamlar istiqomat qiladigan Mosman tumanining yaqin atrofdagi aholisini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan.

Mosman Sidney chetida joylashgan.

Madlenning aytishicha, chorshanba kuni imtihonlarga tayyorlanib o‘tirganida, uylariga bir noma‘lum shaxs bostirib kirgan, u odamning yuzida niqob bo‘lgan.

Niqobdagi shaxs Madlenning bo‘yniga kamarga o‘xshagan og‘ir bir narsani zanjirlab ketgan.

Yangi Janubiy Uels shtati politsiyasi rahbari o‘rinbosari Mark Merdokning aytishicha, "uskuna juda ustalik bilan yasalgan soxta bomba" bo‘lib chiqqan.

"U haqiqiy qo‘lbola portlovchi moddaga o‘xshatib yasalgan va ko‘rinishidan ham haqiqiyga o‘xshaydi. U xavfsiz emasligini tushunib yetgunimizcha, ehtiyotkorlik bilan ish yuritdik. Shuning uchun ham ko‘p vaqt ketdi", deb aytgan Mark Merdok maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Politsiyachilarning taxmin qilishicha, qizning bo‘yniga bomba bog‘lab ketishdan maqsad uning oilasidan pul talab qilish bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Daily Telegraph Australia
Image caption Politsiya Madlen Pulver bo‘yniga soxta bomba bog‘lab ketishdan ko‘zlangan maqsad tovlamachilik bo‘lishi mumkin deb taxmin qilmoqda

Qizning bo‘ynidagi soxta bombaga qo‘lda yozilgan ikki varaq talabnoma ham qistirib ketilgan, unda agar politsiya chaqiriladigan bo‘lsa, bomba portlashi haqida ogohlantirish bitilgan.

"Qandaydir sababga ko‘ra bostirib kirgan shaxs o‘zining maqsadiga erishish uchun rosa harakat qilgan, ammo uning maqsadi nima bo‘lgan, politsiya buning tagiga yetishga harakat qilayapti. Soxta bomba qizning bo‘yniga zanjirga o‘xshagan narsa bilan bog‘langan", deb aytgan Mark Merdok.

Politsiya taxmin qilishicha, bostirib kirgan shaxs Madlen Pulverning tanishi bo‘lishi mumkin.

Biroq qiz bu odamni tanimaganini aytgan.

Madlenning bo‘ynidagi soxta bomba ekanini anglash uchun sapyorlarga 10 soat kerak bo‘lgan.

Shuningdek, britaniyalik portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassisdan yordam so‘rashga ham to‘g‘ri kelgan.

Mosmanning Pulverlar xonadoniga yaqin uylarida istiqomat qiladigan odamlar evakuatsiya qilingan, bir necha ko‘cha to‘sib qo‘yilib, u yerga tez tibbiy yordam va o‘t o‘chirish mashinalari chaqirtirilgan.

Sapyorlar "portlovchi modda"ni yechishga harakat qilayotgan paytlarida yana bir necha kishi Madlenni tinchlantirishga harakat qilib turganlar.

Qo‘rquvning zo‘rligidan qiz qotib qolgan.

Hodisadan so‘ng Madlen shifoxonaga yotqizilgan, payshanba kuni uyiga qaytgan.

Otasi Uilyam Pulverning aytishicha, Madlen o‘zini yaxshi his qilayapti.