Britaniya: tartibni ta‘minlash uchun politsiya rezina o‘qlarni ishga solishi mumkin

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Manchester, Birmingem va Liverpulda yuz bergan tartibsizliklaru yoshlar guruhlarining politsiya bilan kechgan to‘qnashuvlariga qaramay, o‘tgan tun Londonda biroz osoyishta kechgan.

Poytaxt ko‘chalariga katta sondagi politsiya xodimlari tashlangan, tartibsizliklarga qarshi kurashuvchi qo‘shimcha maxsus bo‘linmalar ham safarbar etilgan.

Birmingem shahrida uch kishini mashina urib, o‘ldirgan. Ularning o‘z mahallalarini himoya qilayotgan osiyoliklar bo‘lgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, tashmachilarni quvib solish uchun politsiya xodimlariga rezina o‘qlardan foydalanishga ham ruxsat berilgan.

Birmingem yaqinidagi Vest-Bromvich tumanida bezorilar bir qancha avtomobillarga o‘t qo‘yishgan.

Manchester shahri markazida bir qancha do‘konlar vayron etilib, ularning kuli ko‘kka sovurilgan.

Shahar chekkasida talonchilarning qilmishlarini tasvirga tushirayotgan BBC teleoperatoriga hujum qilingan.

Bir guruh bezorilar boshqa avtomobillar qatori BBCning tasvirchilar guruhiga tegishli mashinani ham ag‘darib, unga o‘t qo‘yishgan va teleoperator ham daxlsiz qolmagan.

Kecha kun oxiriga borib olingan xabarlarga ko‘ra, politsiya Manchesterda 113 kishini hibsga olgan.

Vest Midlands tumanida esa, ja‘mi 80 kishi qo‘lga olingan.

Angliyada hibsga olinganlarning soni 768 taga yetgan, ulardan 111 nafariga rasman ayblovlar e‘lon qilingan.

Nottingamda ellikka yaqin yoshlar politsiya idorasiga yoqilg‘i solingan butilkalarni irg‘itishgan. Aytilishicha, hujum oqibatida hech kimga ziyon yetmagan.

Liverpulda ham bir guruh o‘smirlar yong‘inni o‘chirishlariga halaqit berish uchun o‘t o‘chiruvchilarga hujum qilishgan.

Shaharda 35 kishi hibsga olingan.

Gloster shahrida ham politsiya yoshlar guruhlari ortidan tushgan.

Seshanba kuni Londonda ko‘plab do‘konlar erta yopilgan.

Jabrdiydalar g‘azabda

Ta‘tilini to‘xtatib, ortga qaytishga majbur bo‘lgan Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron va London hokimi Boris Jonsonlar tartibsizliklardan jabr ko‘rgan tumanlar aholisi bilan uchrashishgan.

Jabrdiydalar 9 avgustga o‘tar kechasi ko‘chalarda biror bir politsiya xodimlariga ko‘zlari tushmaganidan shikoyat qilib, mas‘ullardan oddiy aholi va mahalliy tadbirkorlarni himoya qilishni so‘rashgan.

London politsiyasi esa, hozircha armiyaning ishtirokiga hojat yo‘qligini aytmoqda.

Harbiylar so‘nggi bor 1919 yilda, politsiya xodimlari ish tashlash e‘lon qilgan paytlarida London ko‘chalariga safarbar etilishgan.

Britan Bosh vazirining ma‘lum qilishicha, ertaga payshanba kuni ta‘tillaridan erta chaqirib olingan parlament a‘zolari ishtirokida favqulodda yig‘in bo‘lib o‘tadi.

Britaniya poytaxti to‘rtinchi kundirki yoshlar guruhlari va politsiya o‘rtasidagi qaqshatqich to‘qnashuvlarga sahna bo‘lmoqda.

Yong‘inlar va tashmachiliklar esa, London qolib, Angliyaning boshqa yirik shaharlari - Birmingem, Liverpul, Manchester va Bristolga ham yoyilgan.

Davomiy tartibsizliklar sabab, Angliya Futbol Uyushmasi Angliya va Gollandiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini bekor qilgan. O‘yin bugun "Uembli" stadionida bo‘lib o‘tishi kutilayotgandi.

Ueyn Runi va Rio Ferdinand kabi ingliz milliy terma jamoasi o‘yinchilari o‘z bloglarida "zo‘ravonliklarni to‘xtatish" va "osoyishtalik"ka chaqirishgan.

Bundan tashqari, shu haftada 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarining bir qator sinov musobaqalari ham bo‘lib o‘tishi kerak. Ayni shu maqsadda Londonga Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining hay‘ati ham tashrif buyurgan.

Bundan tashqari, O‘yinlarga hozirliklar qanday ketayotganini muhokama etish uchun turli davlatlar olimpiya qo‘mitalaridan 200dan ortiq vakilning ham Londonga kelishlari kutilmoqda.