Pokiston: Peshovardagi qo‘shaloq hujumda kamida 7 inson halok bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Peshovardagi qo‘shaloq hujum 17 nafar Tolibon jangchisining o‘limiga javob amali sifatida ko‘rilmoqda

Pokiston shimoli-g‘arbidagi Peshovar shahrida sodir etilgan qo‘shaloq hujumda kamida yetti inson halok bo‘ldi, deya xabar beradi Pokiston politsiyasi.

Birinchi hodisa - Lahor Darvozasi mavzesida politsiya mashinasi yaqinda masofadan idora etiluvchi bombaning portlatilishi oqibatida to‘rt politsiya zobiti va bir bolakay nobud bo‘lgan.

Keyinroq, ayol xudkush hujumchi tanasiga o‘rnatilgan portlovchi uskunani ishga solishi oqibatda o‘zi va yana bir ayolni halok etgan.

Intihoriy hujumchi dastlabki portlash yuz bergan joydan 400 metrlarcha uzoqlikda joylashgan politsiya bo‘linmasini nishonga olish niyatida bo‘lgan.

Pokistonda isyonchilar hujumlari may oyidan buyon keskin ko‘paydi. May oyida AQSh desantchilari al-Qoida rahbari Usama Bin Lodinni halok etishgan edi.

O‘shandan buyon politsiya akademiyasi, harbiy dengiz bazasi, hukumat binolari, politsiya stantsiyasi va AQSh konsulligiga qarashli mashinalariga qarshi hujumlar sodir etilgan.

Payshanba kungi qo‘shaloq hujumning dastlabkisida halok bo‘lganlar orasida 12 yashar maktab o‘quvchisi ham bor. Portlashlarda shuningdek kamida 21 odam, jumladan 17 politsiyachi, jarohat olgan.

Ikkinchi hujumda, politsiyaning aytishicha, bombachi 16-17 yoshlar chamasi ayol bo‘lib chiqqan. Liboslari ayolning qabilalar mintaqasidan bo‘lishi mumkinlini ko‘rsatmoqda.

Politsiyaning qo‘shimcha qilishicha, ikkinchi ayol yoshi elliklardan oshgan bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, ayolga o‘rnatilgan uskuna muddatidan oldin portlagan.

Islomoboddagi BBC muxbiri Ilyos Xonning aytishicha, Peshovardagi hujumlar Shimoliy Vaziristonda 18 Tolibon jangchisining uchuvchisiz tayyoradan nishonga olinishidan bir kun o‘tib yuz bermoqda.