Suriya isyoni: AQSh rasmiy Damashqqa bahamjihat bo‘lib jazo qo‘llashga chaqirmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton namoyishlarni ayovsiz bostirishda davom etayotgani uchun Suriya hukumatiga qarshi keng ko‘lamda jazo choralari qo‘llashga chaqirgan.

Klinton xonim Suriyaga kiritayotgan sarmoyalari bois, ayniqsa, Xitoy va Hindiston rasmiy Damashqqa bosimlarini kuchaytirishlari mumkinligini aytgan.

Unga ko‘ra, boshqa davlatlarning dastagisiz mamlakati yakka boshi bilan Suriya Prezidenti Bashar al-Assadni iste‘fo berishga da‘vat etmoqchi emas.

"Prezident Assadga bosim o‘tkazish uchun qilishimiz lozim bo‘lgan eng muhim masala - ularning neftь va gaz sanoatiga sanktsiyalar kiritish", deb aytgan Klinton xonim.

AQSh Davlat kotibi mamlakati Rossiyaning Suriyaga qurol-yarog‘ sotishni bas qilishni xohlashini ham qo‘shimcha qilgan.

Aksilhukumat Suriya Inqilobi Muvofiqlashtiruvchilari Uyushmasi a‘zosi Amir al-Sodiqning aytishicha, rasmiy Damashqqa nisbatan iqtisodiy jazo choralarining kiritilishi o‘zlarining mavqe‘larini yanada mustahkamlashi mumkin.

"Bu kabi amal hozir sukut saqlab o‘tirgan mamlakatdagi ko‘pchilikning mavjud tuzumga qarshi kuchliroq pozitsiyani egallashlari va hozirgi tinch inqiloblar jiddiyroq natijaga erishishi uchun o‘z qo‘llab-quvvatlovlarini taklif etishlariga yordam beradi", deydi u.

Payshanba kungi muzokaralari ortidan, AQSh Prezidenti Barak Obama va Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on Suriyada tinch fuqarolarga nisbatan kuch ishlatilayotganidan "chuqur xavotirda" ekanliklarini yana bir bor bayon qilishgandi.

Suriyadagi inson huquqlari faollariga ko‘ra, kecha payshanba kuni askarlar yana kamida 24 kishini o‘ldirishgan.

Ammo so‘nggi zo‘ravonliklarga qaramay, bugun juma kuni bamdod namozi ortidan yana ommaviy namoyishlar boshlanib ketgan.

Hukumat kuchlari bu gal ham namoyishlarni bostirishga urinisharkan, Suriyadan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, ikki tinch fuqaro o‘ldirilgan.

Mahalliy inson huquqlari faollariga ko‘ra, hodisa shimoliy Idlib viloyati va poytaxt Damashq sarhadlarida yuz bergan.

Suriyada Prezident Bashar al-Assad oilasining 41 yillik boshqaruviga qarshi namoyishlar shu yil mart oyidan buyon davom etib keladi.

Orada kechgan vaqt davomida 1.700 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgan, o‘n minglab kishilar hibsga olinganlar.

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari sharqiy Deyr al-Zuur shahri nazoratini qo‘lga kiritish yo‘lidagi amaliyotlarini davom etdirishmoqda.

Kecha payshanba kuni bu yerda kamida 3 kishining o‘ldirilgani xabar berilgandi.