Hindiston Bosh vaziri korruptsiyaga qarshi kurash faolini tanqid qildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Hindiston Bosh vaziri Manmohan Singx korruptsiyaga qarshi taniqli kurashchi Anna Hazareni qamoqxonada ochlik qilayotgani uchun keskin qoraladi.

Parlament a‘zolari o‘ngida chiqish qilgan Bosh vazir Hazare yuz berayotgan hodisalar to‘g‘risida noto‘g‘ri tasavvurga ega ekanini aytdi.

Ammo uning nutqi muxolifat vakillari tomonidan "sharmandalik" deya qoralandi va kesib turildi.

Anna Hazare hukumat uni ozod etgan esada, o‘tgan tunni Dehlidagi qamoqxonalardan birida o‘tkazdi. Yordamchisining ma‘lum qilishicha, Anna Hazare, politsiya u rejalagan aktsiyani o‘tkazishga ruxsat bermas ekan, ochlik amalini to‘xtatmaydi.

Hazare seshanba kuni korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi qonun loyihasiga e‘tirozan ochlik amalini boshlashidan bir necha soat oldin hibsga olingan.

Uning tarafdorlari tunni qamoqxona o‘ngida o‘tkazganlar. Chorshanba kuni ertalab esa qamoqxona o‘ngiga to‘planayotganlar soni yanada ko‘paygan. Hindiston bayroqlarini ko‘targan odamlar korruptsiyaga qarshi shiorlarni aytib qichqirganlar.

Hindiston Oliy mahkamasining ba‘zi hakamlari Hazarega birdamlik izhor etish uchun namoyishga chiqishlarini e‘lon qilganlar. Ko‘plab rikshalar korruptsiyaga qarshi ish tashlaganlar.

"Tan olaman, Anna Hazare yuksak ideallardan ilhomlanib ketgan bo‘lishi mumkin, - dedi Bosh vazir Manmohan Singx. - Biroq u tanlagan uslub mutlaqo noto‘g‘ri".

"Anna Hazare parlamentga o‘z qonunini tiqishtirishga urinayapti", - deya xulosa qildi Bosh vazir.

74-yoshli faolning aytishicha, hukumat taklif qilayotgan korruptsiyaga qarshi choralar "achchiq hazilga" o‘xshaydi.

U korruptsiyaga qarshi kurashishni "mustaqillik uchun ikkinchi urush" deb baholagan.

Xo‘sh, Hindistonda korruptsiya qanchalar keng quloch yoygan?

BBC ayni savol bilan ko‘p yillar Hindistonda yashagan jurnalist Dilbar Sultonovani suhbatga chorladi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди