Qo‘shiqchi Amy Winehouse o‘lganida tanasida noqonuniy moddalar bo‘lmagani aniqlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Amy Winehousening hayotiy muammolari matbuot tomonidan yoritilib kelingan

Marhum qo‘shiqchi Amy Winehousening oilasi ma‘lum qilishicha, toksikologiya tekshiruvi uning tanasida o‘limi chog‘ida "noqonuniy moddalar bo‘lmagan"ini namoyish qilgan.

Ularga ko‘ra, tekshiruv Uaynxaus xonimning tanasida alkogol bo‘lganini aniqlagan, biroq bu uning o‘limida qanday rol o‘ynagani hozircha aniq emas.

Taniqli britan xonandasi 27 yoshli Uaynxaus 23 iyulda Londondagi uyida olamdan o‘tgandi.

Uning oilasi politsiyaga minnatdorchilik bildirdi va 26 oktyabrga mo‘ljallangan tibbiy tekshiruv xulosalarini kutayotganini aytdi.

Eymi Uaynxausning spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarga rujo‘ qo‘ygani matbuotda keng yoritib kelingan.

Uaynxausning otasi Mitch o‘z qizining nomi bilan jamg‘arma tuzishini e‘lon qilgandi, biroq The Amy Winehouse Foundation nomi bilan allaqachon bir jamg‘arma ro‘yxatdan o‘tgani aniqlangach, bu reja kechiktirilgan.

"Reja barcha yosh bolalarga yordam berish, faqat da‘volash yo giyohvand moddalardan qaytarish emas. Barcha bolalarga yordam berishdir," dedi u.

Qizining dafn marosimida Mitch Uaynxaus qizi o‘z hayotining so‘nggi kunlarida juda baxtli bo‘lganini aytgan.

Qo‘shiqchi 2003 yilda o‘zining Frank nomli debyut albomi bilan shuhrat qozongan

Biroq, u 2006 yilgi Back to Black albomi bilan butun dunyoga tanildi va AQShda beshta Gremmi mukofotiga sazovor bo‘lgandi.