Xitoy generali josuslik ishlari tafsilotini oshkor qilgan video Internetda tarqaldi

Image caption Xitoy rasmiylari o‘zlarining "yuzlarini yerga qaratgan" josuslik ishlari haqida gapirishni istamaydilar

Xitoy generali nozik masala hisoblangan josuslik bilan bog‘liq jinoiy ishlarning tafsiloti haqida gapirgan video Internetda tarqalgan.

Videoda general-mayor Jin Yinan Xitoy Kommunistik partiyasining ko‘p a‘zolari "buzilib ketishgani va davlat sirlarini xorijiy mamlakatlariga sotganidan shikoyat qiladi.

Xitoy rasmiylari ushbu videoning jahon Internet tarmog‘ida tarqalib ketgani borasida izoh bermagan, odatda rasmiy Pekin bu kabi mamlakat "yuzini yerga qaratadigan" josuslik ishlari haqida gapirishni istamaydi.

Videodan ma‘lum bo‘lishicha, general Jin rasmiy mulozimlarning jinoiy ishlariga Pekindagi Milliy Mudofaa universitetida o‘qigan ma‘ruzasi paytda to‘xtalgan.

Ma‘ruza paytida general qator josuslik ishlari tafsilotlarini oshkor qilgan.

Misol uchun Seulda Xitoy elchisi bo‘lib ishlagan va Janubiy Koreyaga maxfiy hujjatlarni sotgan diplomat ishi tilga olingan.

Xitoy maxsus xizmatlari bu diplomatni qo‘lga olganlar, biroq uning asl jinoyatini oshkor etgandan ko‘ra uning bo‘yniga iqtisodiy jinoyatlarni qo‘ygan afzal, deb ko‘rilgan.

General josuslik bilan shug‘ullangan boshqa bir yuqori lavozimdagi mulozim ishini tilga olgan, bu mulozimning otasi ham josuslik bilan shug‘ullangani, biroq otasi kommunistlarga qarshi emas, Xitoy foydasiga ayg‘oqchilik qilganini aytgan.

General ma‘ruzasini tinglaganlar Mudofaa universiteti talabalari bo‘lganlar.

Aftidan, bu ma‘ruzadan ko‘zlangan maqsad, sotqinlik amallarining oqibatlaridan ogohlantirish bo‘lgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Xitoy rasmiylarining josuslik ishlari borasida gapirishni yomon ko‘rganlari sababidan, hoynahoy, ushbu videoning qanday qilib Internetga chiqib ketganidan g‘azabdalar.

Dastlab bu video bir necha Internet sahifalariga joylashtirilgan, biroq keyinroq aksaridan olib tashlangan.