Suriyada Ramazon Hayitidan keyin ham aksilhukumat namoyishlari bo‘lib o‘tgan

Suriyaning qator shaharlarida Ramazon Hayiti ibodati ado etilganidan keyin yana aksilhukumat namoyishlari tashkil etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, minglab odamlar masjidlardan ko‘chalarga chiqqanlar, jumladan poytaxt Damashq atrofida ham namoyishchilar Prezident Bashar al-Asad hukumatining iste‘fosini talab qilganlar.

Suriyalik faollarning aytishlaricha, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi o‘t ochganlar, oqibatda kamida yetti inson halok bo‘lgan.

Halok bo‘lganlarning aksari mamlakat janubidagi Deraa shahri istiqomat qiluvchilari bo‘lganlar.

Homs shahrida ham bir kishi o‘ldirilgani xabar qilingan.

Turli joylarda yarador bo‘lganlar soni ham ko‘p bo‘lgan.

Suriya televideniyesi Prezident Bashar al-Asadning Damashqdagi masjidlardan birida Ramazon Hayiti namozini o‘qigani haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etgan.

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Muirning xabar qilishicha, Prezident Asad namozdan keyin ibodatgo‘ylar bilan qisqa suhbat qurgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Suriya televideniyesi Prezident Bashar al-Asad Ramazon Hayiti namozini ado etgani haqida ko‘rsatuv namoyish etgan

Hayit namozidan keyin ko‘plab shaharlarda, hatto Damashq atrofida ham odamlar ko‘chalarni to‘ldirganlar, ular prezidentning iste‘fosini talab qilganlar.

Suriyaning aksar qismlarida aloqa uzilgan, xavfsizlik kuchlari masjidlar atrofidagi ko‘chalarda patrullar qo‘yishgan.

Muxbirlarimizning xabar berishlaricha, davlat xavfsizlik kuchlarining e‘tibori qabristonlarga ham qaratilgan, Ramazon Hayiti kunlari musulmonlarning yaqinlarining qabrlarini ziyorat qilishlari nazarda tutilgan.

Faollarga ko‘ra, Damashq atrofidagi Qabun deb nomlangan joyda olomonni xavfsizlik kuchlari o‘rab olib o‘t ochgan, bu qator talofotlarga sabab bo‘lgan.

Boshqa joylardagi singari mamlakat sharqidagi Deyr al-Zuurda ham namoyishchilarga qarata o‘t ochilgani haqida xabarlar olingan.

Ramazon Hayiti arafasida Suriya xavfsizlik kuchlarining harbiy texnikalari bir necha oydan buyon aksilhukumat namoyishlari davo etayotgan Raston shahrini o‘rab olganlar.

Suriyada xorijiy jurnalistlarning faoliyat yuritishi taqiqlangan, bu esa suriyalik faollar hamda hukumat tarqatayotgan axborot haqiqiyligini tekshirishni qiyinlashtirmoqda.

Yakshanba kuni Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil Arabiyning yuzaga kelgan inqirozni hal etish yo‘llarini muhokama etish maqsadida Suriyaga tashrif buyurishi e‘lon qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, mart oyida Suriya prezidentiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangandan buyon 2200 dan ortiq inson halok bo‘lgan.