Checheniston poytaxtidagi xudkushlik hujumlarida sakkiz kishi halok bo‘lgan

Xabarlarga ko‘ra, Ramazon Hayiti tunida Checheniston poytaxti Grozniyda xavfsizlik kuchlari bilan otishma va xudkushlik hujumlari yuz bergan.

Oqibatda sakkiz kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq odam yaralangan.

Checheniston Ichki ishlar vazirligidan xabar qilishlaricha, Grozniydagi parlament binosiga yaqin joyda shubhali odamlar to‘planayotgani haqida ma‘lumot kechki soat 9 larda kelib tushgan.

Politsiya shubhali shaxs hujjatlarini tekshirayotganida birinchi portlash sodir etilgani xabar qilingan.

Checheniston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, shubhali shaxslar politsiyaga qurolli qarshilik ko‘rsatganlar va xavfsizlik kuchlari qurshovidan chiqib ketishga uringanlar.

So‘ng shubhali shaxslarning o‘zlarini o‘zlari portlatib yuborganlari xabar qilingan.

Checheniston huquq-tartibot idoralari dastlab ikki xudkushlik hujumi sodir etilgani haqida xabar berganlar, so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, uch portlash yuz bergan.

Checheniston rasmiylari jangarilarning soni uch kishi tashkil etganini aytganlar.

31 avgust kuni Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov aytishicha, xudkush hujumchilardan birining shaxsi aniqlangan.

U, Ramzan Qodirov so‘zlariga ko‘ra, bir yil oldin Grozniy shahrida o‘zini o‘zi portlatgan boshqa bir chechen jangarisining inisi bo‘lgan.

Prezident Ramzan Qodirov aytishicha, jangarilar hujumni sodir etish uchun musulmonlarning muqaddas Ramazon Hayiti kunini tanlaganlar, bu esa jangarilar uchun "muqaddas hech narsa yo‘qligini ko‘rsatadi".

Muxbirlarning yozishlaricha, poytaxt Grozniydagi hodisa Checheniston hamon barqaror emasligidan dalolat beradi.

2010 yil bahorida Moskva Chechenistonda bo‘lginchilar ustidan to‘la g‘alabaga erishganlari haqida e‘lon qilgan.

Muxbirlar Shimoliy Qofqozning boshqa mintaqalarida ham islomiy jangarilar faollashgani kuzatilayotganini aytadilar.