Dunyo rahbarlari Parijda Liviyaga bag‘ishlangan yig‘inga to‘planishmoqda

Bugun Parijda Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkoziy va Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerun mezbonligida Liviya kelajagiga bag‘ishlangan sammit boshlanmoqda.

Yig‘inda Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibasi Hillari Klinton, Xitoy va Rossiya vakillarining ishtirok etishadi.

Hozir Rossiya ham O‘tish davri Milliy Kengashining Liviyaning qonuniy hukumati sifatida tan olgan.

Liviya Milliy Kengashi mamlakatda xavfsizlikni ta‘minlash, qayta qurish va demokratiyaga hozirlash uchun ko‘mak berishga chaqirishi kutilmoqda.

Biroq, hali Polkovnik Muammar Qaddofiy qo‘lga tushgani yo‘q, uning o‘g‘li Sayf al-Islom o‘lgunicha kurashishga ont ichgan. Uning audiomurojaati arab telekanallaridan birida eshittirilgan.

Beng‘ozidagi BBC muxbiri Jon Leynga ko‘ra, Parij yig‘ini qisqa va ramziy bo‘lishiga qaramay, O‘tish davri Milliy Kengashini dastaklab kelgan hukumatlar uning jahon sahnasida o‘rni borligini ko‘rsatishlari uchun yana bir imkoniyatdir.

Uning aytishicha, sammitda demokratiya tomon qadam tashlash, qayta qurish va politsiya xizmatlarini tayyorlovdan o‘tkazish kabi masalalar yuzasidan rejalar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, muxbirimizning xabar qilishicha, O‘tish davri Milliy Kengashi Liviyaning muzlatilgan bank hisoblarini qayta imkonli qilishni so‘rashi va qolgan-qutgan Qaddofiy tarafdorlarini yo‘q qilish uchun NATO dastagi kamayishini istamasligini urg‘ulashi kutiladi.

Parijda payshanba kuni tushdan so‘ng o‘tadigan "Liviya do‘stlari" deb nomlangan forumda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan bir qatorda 60 yaqin davlatlar vakillari ishtirok etishadi.

Bundan 42 yil muqaddam xuddi shu kuni Polkovnik Qaddofiy Qirol Idrisni qudratdan ag‘darib, hukumat tepasiga kelgandi.