Rossiya "Shimoliy oqim" quvuri bo‘yicha Olmoniyaga gaz uzatishni boshladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Ria Novosti

Rossiyaning davlat nazoratidagi "Gazprom" shirkati va uning Olmoniyadagi hamkorlari Boltiq dengizi tubidan tortilgan yangi "Shimoliy Oqim" gaz quvurini sinovdan o‘tkazishni boshlaganlar.

"Shimoliy oqim" Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olmoniyaga bog‘laydi, Rossiyaningshu paytgacha Ovro‘podagi gaz iste‘molchilari bilan bog‘lab kelgan Ukraina va Polsha hududlarini chetlab o‘tadi.

Texnik gaz uzatishni boshlash marosimida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin qatnashgan, uning aytishicha, yangi gaz quvuri Rossiyaning Ukraina bilan munosabatlarini "yanada madaniylashtirish" imkonini beradi.

"Shimoliy oqim"gaz quvurining rasmiy foydalanishga topshirish marosimini shu yil noyabrida Olmoniyada o‘tkazish rejalashtirilgan.

Gaz murvatini burab ochish tantasida Prezident Dmitriy Medvedevning ishtirok etishi xabar qilingan.

O‘shanda gaz iste‘molchilarga uzatila boshlanadi.

Lekin 12 milliard dollarlik gaz quvuri bugungi kunda asosan qurib bitkazilgan.

"Shimoliy oqim"ni barpo etish haqidagi bitim o‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lgan Vladimir Putinning 2005 yilda Olmoniyaga safari mobaynida imzolangan edi.

Yangi gaz quvuri ikki liniyadan iborat, har bir gaz quvurining uzunligi 1200 kilometrdan ziyodni tashkil etadi va yiliga qariyb 30 milliard kubometrni gazni Rossiyadan to‘g‘ri Olmoniyaga yetkazish imkonini beradi.

"Shimoliy oqim"ning birinchi liniyasi shu yilning avgustida qurib bitkazilgan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, ikkinchi quvur yo‘li keyingi yilda foydalanishga topshiriladi.

Yangi gaz quvurining ishga tushirilishi Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida yana gaz bahsi boshlangan paytga to‘g‘ri kelgan.

Ukraina Rossiya talab qilayotgan yangi gaz narxidan norozilik bildirgan, Rossiya esa o‘zining har 1000 kubometr gaz uchun 355 AQSh dollarlik haq so‘rayotgani adolatli ekanini hatto mahkamada isbotlashga tayyor ekanini bildirgan.