Dehlidagi portlash 9 insonning umriga zomin bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Hindiston Ichki ishlar vaziri Palaniappan Chidambaramga ko‘ra, poytaxt Dehlidagi Oliy mahkama binosi tashqarisida yuz bergan bomba portlashida 9 inson nobud bo‘lgan, 50ga yaqin kishi tan jarohati olgan.

Chidambaram janoblari parlamentga gapirarkan, hukumat "ushbu terror amalini" qoralashini aytgan. Uning aytishicha, Dehli "terrorchi guruhlar nishoni"laridan biridir.

Politsiyaning aytishicha, bomba aftidan mahkama qabulxonasiga olib boradigan asosiy darvoza tashqarisida o‘rnatib ketilgan bo‘lgan.

Hudud kirish ruxsatnomasini olish uchun navbatda turgan huquqshunoslar va guvohlar bilan gavjum bo‘lgan.

Hozir Dehli bo‘ylab politsiya joylashtirilgan va moliviya poytaxt hisoblangan Mumbay favqulodda hushyor holatga keltirilgan.

O‘tgan iyun oyida Dehlidagi xuddi shu mahkama binolari majmui tashqarisida mashinaga o‘rnatilgan bomba portlatilgan, unda talofatlar berilmagandi.

So‘nggi portlash bugun mahalliy vaqt bilan 10:17larda yuz bergan.

Ichki ishlar vaziri Chidambaramga ko‘ra, josuslik xizmati hodisa ortida kim turganini aniqlash uchun Dehli politsiyasi bilan birga ishlayotgani, ammo hozirgacha biron bir xulosaga kelinmaganini aytgan.

Televizion kanallar tez yordam mashinalari ko‘rinishidan og‘ir yaralangan odamlarni shifoxonalarga olib ketayotganlarini ko‘rsatgan.

Dehlida yaqin tarixda yuz bergan portlashlar

  • 13 sentyabr, 2008 yil: Dehlining odamlar bilan tirband savdo markazida beshta bomba portlab, 25 inson nobud bo‘lgan, 100dan ortiq kishi jarohatlangan. Hindistondagi Mujohiddin guruhi mas‘uliyatni zimmasiga olgan.
  • 14 aprel 2006 yil: Dehlidagi Juma Masjidida yuz bergan ikkita portlashda 14 kishi yaralangan.
  • 29 oktyabr 2005 yil: Dehlidagi uch bozorda ketma-ket uchta bomba portlab, 62 inson hayotdan ko‘z yumgan, 210 kishi tan jarohati olgandi