Muammar Qaddofiy o‘zining Liviyani tark etgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Xalqaro Jinoyat mahkamasi Muammar Qaddofiyga qidiruv e‘lon qilgan

Liviyaning qudratdan ag‘darilgan rahbari Muammar Qaddofiy o‘zining qo‘shni Nigerga qochgani haqidagi xabarlarni yolg‘on va “ruhiy urush” deb atgan.

Suriya televideniyesi polkovnik Qaddofiyning telefon orqali qilgan bayonotini eshittirgan, aftidan bu qo‘ng‘iroq Liviyaning ichkarisidan bo‘lgan.

Muammar Qaddofiy o‘zining kuchlari NATO va Milliy O‘tish davri Kengashini mag‘lub etadi, deb aytgan.

Bundan oldin Niger e‘lon qilishicha, mabodo Muammar Qaddofiy mamlakat hududiga kiradigan bo‘lsa, qanday yo‘l tutish ustida bosh qotirishayapti.

Niger tashqi ishlar vaziri Muhammad Bazum Bi-bi-si bilan suhbatda, bundan ilgari mamlakat hududiga kirgan liviyaliklarning avtomobil karvonida Muammar Qaddofiy hukumatidagi mulozimlar bo‘lganini, biroq na Qaddofiyning o‘zi, na o‘g‘li bu karvon tarkibida bo‘lmaganini aytgan.

Janob Bazumning aytishicha, rasmiy Niamey polkovnik Qaddofiyni qabul qilish-qilmaslik yoki Xalqaro Jinoyat mahkamasiga topshirish masalasida keyinroq bir qarorga keladi.

Bir necha kun oldin Liviyadan Nigerga o‘tgan ko‘p sondagi avtomobillar karvonida Muammar Qaddofiy bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalgan.

Ko‘p sonli avtomobillar karvoni Liviyadan Nigerga o‘tgan

Liviya isyonchilarining rahbarlari Niger rahbariyatidan polkovnik Qaddofiyni qabul qilmaslikni so‘ragan.

Niger Xalqaro Jinoyat mahkamasi va uning qarorlarini e‘tirof etgan mamlakat hisoblanadi.

Xalqaro Jinoyat mahkamasi shu yil boshida Liviyada bo‘lib o‘tgan aksilhukumat namoyishchilarining o‘limiga aybdorlik bilan polkovnik Qaddofiy, uning o‘g‘li Sayfulislom va Liviyaning sobiq josuslik xizmati rahbari Abdulla Sanussiyga qidiruv e‘lon qilgan.

Oldinroq Nigerga qo‘shni Burkina-Faso Muammar Qaddofiyga boshpana taklif etgani xabar qilingan, biroq mamlakat rasmiylari bu xabarlarni rad etganlar.

Qaddofiyning rafiqasi, ikki o‘g‘li va qizi Jazoirdan boshpana olganlar.

Mamlakatning o‘zida Milliy O‘tish davri Kengashi hamon Qaddofiyga sodiq kuchlar o‘z nazoratida ushlab turgan shaharlarni qon to‘kmasdan qo‘lga olish borasida muzokaralarni davom ettirmoqda.

Bular Bani Valid, Jufra, Sabha va Qaddofiy tug‘ilib o‘sgan Sirt shaharlaridir.

Bani Valid yaqinida isyonchilar qo‘shinlari turishipti, muvaqqat hukumat qavmlar oqsoqollari bilan muzokaralar shanba kunigacha davom etishini ma‘lum qilishgan.

Biroq o‘zining Suriya televideniyesiga telefon qo‘ng‘irog‘ida polkovnik Qaddofiy dushmanlari ustidan g‘alaba qilishga qodirmiz, deb aytgan.