"Baxa Muso o‘limi Britaniya armiyasidagi intizomning jiddiy buzilishi oqibati"

Image caption Baxa Musoning tanasida 93 jarohat izi topilgan

Britaniyada 2003 yilda Iroq qamoqxonasida qiynoqlar ostida halok bo‘lgan Baxa Musoning ishi borasida o‘tgan jamoatchilik tergovi yakunlangan.

Bir yildan ko‘p vaqt davom etgan tekshiruv asosida 1400 sahifalik hisobot tayyorlangan, bu hisobotning asosiy xulosasi - Iroqning Basra shahrida kaltaklanib o‘ldirilgan Baxa Musoning o‘limi Britaniya armiyasidagi "intizomning jiddiy buzilishi" oqibatida ro‘y bergan.

Komissiya hisobotida aytilishicha, Britaniya harbiylarining bunday shafqatsiz muomala qilishlariga Baxa Muso uch Britan harbiy politsiya xodimining o‘limiga aloqador degan asoslanmagan mish-mish sabab bo‘lgan.

Ikki farzandning otasi Baxa Muso va yana to‘qqiz kishi u ishlagan mehmonxonada qurol-yarog‘ va soxta hujjatlar topilganidan keyin hibsga olingan va ikki kundan keyin vafot etgan.

Uning tanasida 93 jarohat izi topilgan.

Kapral Donald Peyn Baxa Musoning o‘limidan sal oldin uni mushtlagan va ehtimolki tepgan, unga qarshi xavfli usul qo‘llagan, deyiladi Britaniya Appelyatsion mahkamasining sobiq hakami Ser Uilyam Geydj rahbarlik qilgan komissiya hisobotida.

Baxa Musa o‘limi yuzasidan Britaniya politsiyasi tergov o‘tkazgan va 2007 yilda bo‘lib o‘tgan mahkamada kapral Donal Peyn hibsdagi shaxsga noinsoniy muomala qilganini bo‘yniga olgan.

Mahkama kapral Peynni bir yilga ozodlikdan mahrum etgan, u armiyadan haydalgan.

Komissiya Baxa Muso o‘limini tekshirish paytida qariyb 350 guvohni so‘roq qilgan va kapral Peyndan tashqari katta sondagi Britan harbiylari hibsdagilarga shafqatsiz munosabat qilganlar.

Bu usullarni komissiya o‘zining hisobotida "asossiz va shafqatsiz zo‘ravonliklarning dahshatli katalogi" deya ta‘rif beradi, kaltaklash, tepish va bo‘g‘ishdan tashqari hibsga olinganlarning boshiga qop kiygizish, ovqat va suv bermaslik, issiq joyda uzoq vaqt tanaga og‘riq beradigan alfozda turishga majburlash usullari tilga olinadi.

Komissiya askarlarning rahbarlari bo‘lgan zobitlarni ham yuz berayotgan zo‘ravonliklarni bilib turib, bunga qarshi chora ko‘rmaganlikda ayblagan.

Britaniya Mudofaa vazirligi Baxa Muso o‘limiga sababchi bo‘lgan harakatlar "sharmandali va kechirib bo‘lmas" harkatlar bo‘lganini tan olgan, jamoat komissiyasining ushbu hisoboti tavsiyalariga diqqat bilan quloq solishga va‘da bergan.