Qanday qilib Eron inqilobi mullolarni jamiyatdagi qudratli shaxslarga aylantirdi?

Image caption Eronning Qum shahrida barpo etilgan maqbara Iroqning Karbalo shahridagi shialar uchun muqaddas Imom Husayn masjidida o‘rnatish maqsadida qurildi

Eronda 1979 yilda diniy hukumat barpo etilishiga yetaklagan Islom iniqilobi hammasidan ham ko‘ra ko‘proq Islom dinining o‘zini tubdan o‘zgartirdi, hayotning barcha jabhalarida dinning ahamiyati benihoya oshdi.

Shu paytgacha faqatgina eronliklarning milliy o‘zligining tarkibiy qismigina bo‘lib kelgan din qudratli va barqaror siyosiy kuchga aylandi.

Din inqilobdan ulkan iqtisodiy foyda ham undira oldi. Bundan Islom inqilobiga ashaddiy qarshi bo‘lganlardan tashqari hamma manfaatdor bo‘ldi - hukumat a‘zolari, ruhoniy rahbariyat va hatto oddiy eronliklar ham.

Boshqaruvchi huquqshunos, Xudoning bankiri

Eronning Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh hisoblanadi. U mamlakatda har qanday siyosiy rahbardan ko‘ra qudratli shaxsdir. Uning qarori Eronda Islom qonunlari va konstitutsiyadan, boshqa oyatullohlar chiqargan qarorlardan yuqori turadi. Oliy ruhoniy rahbar yashirin imomning(shia mahzabining muhim belgilaridan biri) rasmiy vakili deb ko‘riladi va u barcha imtiyoz va vakolatlardan foydalanishga haqlidir. Oyatullohning asosiy vazifalaridan biri diniy mulklar ustidan, bizneslar va soliqlarni nazorat qilishdir.

Image caption Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasi

Boshqa islomiy mamlakatlardan farqli o‘laroq, Eron Oliy ruhoniy rahbari tasarrufida yuzlab milliard dollarga baholanadigan resurslar bor. Bular ziroatchilikdan tortib, binolar, mehmonxonalar, kutubxonalar, maktab va masjidlar, maqbara va diniy o‘quv muassasalari – madrasa, universitetlar, observatoriya va turar-joy binolaridir.

Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasi(Ostoni Qudsi Razaviy) mamlakatdagi eng boy tashkilotlardan sanaladi. Eronda bundan tashqari imomning boshqa oila a‘zolari xotirasiga atab barpo etilgan yuzlab katta-kichik maqbaralar mavjud.

Mamlakatdagi mana shu barcha mulk uchun mas‘ul Eron Xayriya jamg‘armasi hisoblanadi. Bu tashkilot rahbari va boshqa yirik maqbaralarning nazoratchilari bevosita oliy ruhoniy tomonidan tayinlanadi.

Diniy sayyohlik, jumladan Saudiya Arabistondagi Makkayu-Madinaga safar, muqaddas Haj ziyorati, shia musulmonlari uchun muqaddas bo‘lgan Iroqdagi to‘rt shaharga, Suriyadagi Zaynabiya shahriga ziyoratlar Haj va Ziyorat deb nomlangan tashkilot tomonidan monopoliyalashtirilgan. Bu tashkilotning rahbarini ham Eron Oyatullohi tayinlaydi. Ular soliq to‘lashmaydi, hukumat emas, faqat Oyatulloh oldida hisob berishadi.

1979 yil inqilobi mamlakatda hukumat tizimiga parallel alohida byurokratik tizimni ham paydo bo‘ldi. Bu mamlakatda mavjud mahkama tizimidan tashqari inqilobiy mahkama tizimidir.

Image caption Eron jamiyatida ruhoniylarning o‘rni 1979 yilgi inqilobdan yuksaldi

Xuddi shu gapni harbiy sohaga nisbatan ham aytish mumkin. O‘shanda tashkil etilgan Eron Inqilobi qo‘riqchilari korpusi bugun ham faoliyat yuritadi.

Mamlakatdagi eng badavlat tashkilotlaridan biri Xo‘rlanganlar va Majruhlar jamg‘armasidir. Bu va boshqa jamg‘armalar, o‘sha paytda tuzilgan boshqa inqilobiy tashkilotlar hamon hukumatning alohida imtiyozlaridan foydalanib kelishadi, ular tijoratning qator muhim sohalarini butkul o‘zlariniki qilib olganlar.

Eron Inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat iqtisodiyotining uchdan birini nazorat qiladi. Yana qayd etish kerak yuqorida nomi tilga olingan tashkilotlarning birortasi ham hukumatga bo‘ysunmaydilar va soliqlardan ozod qilinganlar.

Bu ro‘yxatni faqatgina oliy ruhoniy rahbarga bo‘ysunadigan televideniye va radiolar tarmoqlari bilan davom ettirish mumkin. Shunday ekan, oliy ruhoniy rahbar unvonining o‘zi Eron iqtisodining hukumat nazoratida bo‘lmagan salmoqli qismiga nazoratni nazarda tutadi. Oyatulloh yashirin imomning rasmiy vakili deb ko‘rilar ekan, shuning o‘ziyoq uning iqtisodiy imtiyozlariga qonuniylikni ta‘min etadi. Bu mablag‘lar Xudoning pullari ekan, boshqarayotgan rahbar uning bankiri hisoblanadi.

Tarixdagi eng badavlat shia ruhoniylari

Eron inqilobigacha musulmon ruhoniylari jamiyatning past tabaqasiga mansub edilar. Inqilobdan keyin ularning hayoti tubdan o‘zgardi. Ular ijtimoiy va siyosiy sahnada muhim o‘ringa ega bo‘ldilar.

Image caption Xalqaro Masjidlar kuni deb nomlangan tadbirlar muntazam o‘tkaziladi

Inqilobgacha ruhoniylar asosan diniy o‘quv muassasalarining talaba va o‘qituvchilari hisoblanishardi. Ularning asosiy vazifasi Islom qonunlariga rioya qilish, nikoh, ta‘ziya va boshqa marosimlarni o‘tkazish bo‘lgan. Inqilob ularning hokimiyat tizimiga kirishlariga imkon berdi.

Endi bugunga kelib davlatda shunday lavozimlar borki, ularni faqatgina oyatulloh egallashi mumkin. Bular - oliy ruhoniy rahbar, Ekspertlar kengashining a‘zosi, Adliya tizimi rahbari, Qo‘riqchilar Kengashining olti a‘zosidan biri, istihborot vaziri va boshqalar.

Musulmon ruhoniylar namoyandalari jamiyatning barcha sohalariga kirib borishgan. Qurolli kuchlarda oliy ruhoniyning o‘z vakili bor. Ular barcha hukumat idoralarida, universitet va yirik korxonalarda mavjud.

Ular hukumat ma‘muriyatining, Majlisning(parlament) va huquq-tartibot organlarning a‘zolari hisoblanishadi. Deyarli barcha tashkilot va bo‘limlar ruhoniylarga maosh to‘lashadi.

Hukumat har yili shialar uchun muqaddas hisoblangan, dunyodagi eng yirik o‘quv maskanlari joylashgan Qum yoki Mashhad shaharlariga millionlab dollar mablag‘ sarflaydi. So‘nggi yillarda ruhoniylar tasarrufidagi iqtisodiy resurslar sezilarli oshdi va ularning iqtisodiy manfaati faqat diniy soliqlar bilangina chegaralanmaydi.

Ko‘pgina ruhoniy namoyandalar, xoh yuqori yoki quyi tabaqa vakillari bo‘lsinlar, o‘zlarining xususiy shirkatlarini tuzishgan, ishlab chiqarish korxonalarini yurgizadilar, mahsulotlarning importi va eksporti bilan shug‘ullanishadi. Va bularning hammasi Eronda ruhoniylar soliqdan va mamlakatda majburiy hisoblangan harbiy xizmatdan ozod etilganining natijasidir.

Din - pul tomon yo‘l sifatida

Image caption Ruhoniylar ixtiyoriga tushadigan qop-qop xayriya pullari soliqqa tortilmaydi

Eronda islomchilar hokimiyatga kelganlari natijasida siyosiy va iqtisodiy qudratga erishganlar faqat ruhoniylar bo‘lmadi.

O‘zini e‘tiqodli deb ko‘rsata olgan istalgan kishi qudratni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ldi. Hukumatdagi ish o‘rinlariga yollash yoki universitetlarga talaba qabul qilishda hukumat alohida "Saralash Idora”larini tuzdi.

U yoki bu lavozimga munosib bo‘lgan inson yoki universitetga kirish uchun barcha talablarga javob bergan kishi "Saralash Idora"sining savollariga javob berolmasa, ular joriy qilgan qonunlardan o‘tolmasa, hech qanday lavozim yoki talabalikka erisholmaydi.

Eronda hukumat idoralarida ko‘tarilish kishining dinga e‘tiqodi, uni omma oldida qanchalar namoyish qila olishiga bog‘liq. Shuning uchun dindorlik, u haqiqiy yoki soxta bo‘ladimi, uzoq qishloqdami yoki muhim poytaxt idorasida, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishga sabab bo‘ladigan asosiy omildir.

Agan siz diniy soliqni ochiqchasiga hukumatga qarshi chiqmaydigan oyatullohga to‘lasangiz, siz soliqdan ozod etilishingiz mumkin. Qur‘onni yodlash universitet diplomini olishga yordam beradi, har qanday kishi to‘rt yil o‘qishdan xalos bo‘ladi.

Dinga e‘tiqod tijoratda muhim mijozlar va hamkorlarning ishonchiga sabab bo‘ladi. Bugun Eronda kim dinga e‘tiqod qiladi, yoki din qanday talqin etiladi, buning ahamiyati yo‘q. Bu mamlakatda diniy bozor mavjud va unda ko‘p eronliklar ishtirok etishmoqda.

Kimki ishonmasa, niqoblanishga majbur, aks holda, yashashning iloji yo‘q.