Afg‘oniston: Poytaxt Kobul portlashlaru otishmalarga sahna bo‘lmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Afg‘oniston poytaxti Kobul markazidagi AQSh elchixonasi va Nato qarogohlari Tolibonning hujumlari ostida qolib ketgan.

Sathda qator portlashlar yuz bergan, otishmalar sadosi quloqqa chalinadi.

Isyonkorlarning hududda hali qurilishi bitmagan binodan turib, o‘z hujumlarini uyushtirayotganliklari aytilmoqda.

Bundan bir necha hafta burun Kobuldagi Britaniya Kengashiga hujum qilingan va o‘ndan ortiq kishi qurbon bo‘lgandi.

O‘sha hodisaga mas‘uliyatni ham Tolibon o‘z zimmasiga olgandi.

Muvofiqlashtirilgan hujumlar

"Bugun mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan boshlab poytaxt Kobulning "Abdul Haq" maydoni yaqinidagi mahalliy va xorijiy josuslik xizmatlari binolariga qarshi yirik xudkushlik hujumlari uyushtrilmoqda", deb bayon qilgan Tolibon so‘zchisi.

Kobuldagi muxbirimiz Kventin Sommervil ham hujumlarning bir nechta xudkush hujumchi ishtirokida muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirilayotganini aytadi.

Muxbirimizga ko‘ra, qator hujumchilar sathga qarab turgan va hali qurilishi bitmagan binoda joylashib olib, o‘z hujumlarini muvofiqlashtirishmoqda va afg‘on kuchlari bilan otishmaga kirishib ketishgan.

U AQSh elchixonasi granatomyot hujumidan shikast ko‘rmadi va hozir bino atrofidagi ko‘chalar mahalliy xavfsizlik kuchlari tomonidan to‘sib qo‘yilgan, deydi.

Muxbirimizning aytishicha, AQSh dengiz piyoda qo‘shinlari elchixona binosi tomiga chiqib, vaziyat va o‘z himoyalarining qanchalik mustahkamligini tekshirishmoqda.

Afg‘onistondagi G‘arb xavfsizlik kuchlarining bildirishlaricha, Nato qo‘l ostidagi Xalqaro Tinchlikni Saqlash kuchlari (ISAF) ning qarorgohi ham hujumga tutilgan. Ammo ISAF voizi bu xabarni tasdiqlamagan.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, hujumlar kamida to‘rt xudkush hujumchi ishtirokida kechmoqda. Ulardan birining o‘zini taksida portlatib yuborgani aytiladi.

Hozircha talofatlarga oid aniq raqamlar yo‘q.

Hujumlar kechayotgan sathda AQSh va boshqa xorijiy davlatlar elchixonalaridan tashqari, ko‘plab vazirlik binolari va prezident saroyi ham joylashgan.

Joriy yil Tolibon tuzumi qulatilgan o‘tgan 10 yil badalida Afg‘onistonda eng qonlisi bo‘lgan.