Bollivud afsonasi Amitabx Bachchan Hollivudga tekinga kinoga tushib bermoqchi

Ayon bo‘lishicha, Bollivud afsonasi Amitabx Bachchan o‘zining Hollivuddagi ilk debyuti uchun bir tiyin ham olmaslikka qaror qilibdi.

U Hollivud yulduzlaridan Leonardo di Kaprio bosh rolni ijro etajak "Buyuk Getsbi" badiiy filmining yangicha talqinida suratga tushmoqda.

Butunboshli filmda bor-yo‘g‘i bir bor ko‘rinish bersam, shunga ham haq olib o‘tiramanmi, debdi Amitabx Bachchan.

O‘zining Hollivuddagi ilk filmida Bollivud yulduzi yahudiy Meyyer Volfsxaym rolini ijro etadi.

Film amerikalik taniqli yozuvchi Skott Fitsjeraldning "Buyuk Getsbi" romani asosida suratga olinmoqda.

126 million AQSh dollariga tushishi aytilayotgan filmga avstraliyalik Baz Lurman rejissyorlik qilayotir.

Joriy paytda Avstraliyada tasvirga olish ishlari ham boshlanib ketgan.

68 yoshli janob Bachchan filmdagi ishtiroki rejissyor Baz Lurmanga "do‘stona ehson" ekanini bildirgan.

Bollivud yulduzi Avstraliyaga borib, film stsenariysi bilan tanishgan va liboslarini ham kiyib ko‘rgan.

Filmda Buyuk Depressiyadan avval 1920 yillarda Amerikada kuzatilgan "oltin" asr davridagi oliy tabaqaning hayoti aks etgan.

Behad mamnunlik

Фото муаллифлик ҳуқуқи PR Agency

Rejissyor Baz Lurman, "Amitabx Bachchan kabi jahon kinosi afsonasi o‘z filmida suratga tushayotganidan behad mamnun" ekanini bayon qilgan.

"Amitabx ishtirokidagi filmlar o‘zim va faoliyatimga juda kuchli ta‘sir qilgan. Uning "Qasos va qonun" filmidan esa, hind kinematografiyasi bilan ilk tanishuvim boshlangan", deydi Baz Lurman.

Rejissyor hind kinosiga bo‘lgan havasini hech qachon yashirmagan va o‘zining "Mulen Ruj" myuziklida mashhur Bollivud qo‘shiqlaridan birini ham ishlatgandi.

Yoshi yetmishlarni qoralab qolganiga qaramay, Amitabx Bachchan esa, hali ham Bollivud sahnasini tark etish xayolida emas.

Deylik, shu yilning yanvar oyida uning ishtirokidagi "Uchta karta" filьmi ekran yuzini ko‘rdi.

Amitabx Bachchan necha o‘n yillarki hind kinosining eng mashhur aktyori sifatida qolmoqda va 1999 yilda BBC tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda mingyillikning eng taniqli kino yulduzi, deb topilgandi.

"Buyuk Getsbi" romani shu paytgacha to‘rt bor suratga olingan bo‘lsa, ularning ichida eng mashhuri Robert Redford va Mii Ferrou ishtirokida 1974 yilda suratga olingani bo‘lgan.