"Kavkaz-tsentr" web sahifasi Rossiyada ekstremistik deb topildi

Image caption Veb sahifa shimoliy qofqozlik bo‘lginchilarniki sifatida ko‘pchilikka yaxshi tanish

Moskva mahkamalaridan biri "Kavkaz-tsentr" web sahifasini ekstremistik deb topdi.

Mahkama qarorida aytilishicha, web sahifada ekstremistik faoliyatga chorlanadi va terrorchilik oqlanadi.

Insonning qaysi din yoki irqqa mansubligiga qarab, unga qanday munosabatda bo‘lish targ‘ib qilinadi.

"Kavkaz-tsentr" web sahifasini ekstremistik, deb e‘lon qilish so‘rovi bilan Nikulinsk mahkamasiga Rossiya Bosh prokuraturasi murojaat etgan.

Ammo prokuratura arizasida nafaqat bu narsa, balki veb saytda chop etilgan ayrim maqolalarga ham xuddi shunday baho berilishi talab etiladi.

Mahkama jarayoni ortidan prokuratura vakilining bayon qilishicha, endi "Kavkaz-tsentr" Rossiya Adliya vazirligining chop etilishi taqiqlangan nashrlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Nikulinsk mahkamasi qaroriga muvofiq, www.kavkazcenter.com, kavkaz.tv, kavkaznews.com, kavkaz.org.uk, kavkazcenter.com, kavkazcenter.net va kavkazcenter.info domenlariga kirish cheklanadi.

"Kavkaz-tsentr" shimoliy qofqozlik bo‘lginchilarning web sahifasi sifatida ko‘pchilikka yaxshi tanish.

Web sahifa...

"Kavkaz-tsentr"ga 1999 yilda Checheniston poytaxti Grozniyda asos solingan.

Shundan so‘ng bir muddat Litvada faoliyat olib borgan.

Ammo 2004 yilga kelib, rasmiy Moskvaning talabi bilan litvalik mas‘ullar tomonidan yopib qo‘yilgan.

Web sahifa joriy paytda Finlyandiyadan turib o‘z faoliyatini olib boradi.

"Kavkaz-tsentr"ga fin biznesmeni Mikael Sturshe homiylik qiladi.

Shu yilning yanvar oyida Fin tomoni saytni yopishga rozi bo‘lmagandi.

Bunday so‘rov bilan ruhoniy Yuxi Molari murojaat etgandi.

U "Kavkaz-tsentr"ni terrorchilikni targ‘ib etishda ayblagandi.

Ruhoniy Molari qofqoz bo‘lginchilari rahbari Doku Umarov veb sahifa orqali o‘ziga tahdid qilganini ham bayon qilgandi.

Bir tomondan Rossiyaning bosimi, boshqa tomondan mamlakat qonunchiligi qarshisida qolgan rasmiy Helsinki baribir o‘z qaroridan voz kechmagandi.

Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Stubb o‘z mamlakatida "Kavkaz-tsentr"ni yopishga izn beruvchi qonunlar yo‘qligini bayon qilgandi.

Mazkur web sahifada Markaziy Osiyo davlatlariga oid, O‘zbekiston Islomiy Harakati va Afg‘onistondagi Tolibon guruhining faoliyatiga bog‘liq maqolalar ham nashr etib boriladi.

Jumladan, shu yilning aprel oyida tojikistonlik mujohidlarning taniqli sobiq dala qo‘mondoni Mulla Abdulloning o‘limi bilan bog‘liq bayonotlari ham aynan "Kavkaz-tsentr"da e‘lon qilingandi.