Xitoyda taniqli generalning o‘g‘li bir yilga ozodlikdan mahrum etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи cctv
Image caption Li Kiming shirakayf holda mashina haydab bir insonning umriga zomin bo‘lgan

Xitoy armiyasi taniqli generalining o‘g‘li ko‘chadagi bezoriligi uchun bir yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

15 yoshli Li Tianiy ko‘chada o‘rta yoshlardagi er-xotinga hujum qilgani aytiladi.

Hodisa Xitoyda keng ko‘lamda g‘azabga sabab bo‘lgan, yuz minglab odamlar internet orqali o‘z noroziliklarini izhor qilishgan.

Bu Xitoy elitasi hatti-harakatlariga ommaviy norozilikning navbatdagisidir.

Davlat matbuoti o‘smir o‘z jinoyatini bo‘yniga olgani va hozir hukumatning axloq tuzatish markaziga jo‘natilgani haqida xabar bergan.

"Politsiyani chaqirma"

BBC muxbiri Damian Garammatiksning xabar qilishicha, Li Tianiy Xitoy armiyasi taniqli generallaridan biri Li Shuangjiangning o‘g‘li bo‘lib, general televizion orqali aytgan vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlari bilan mashhur.

O‘smir avtomobil haydashga qonuniy haqqi bo‘lmasa-da, BMW rusumli mashinada kelgan va Pekinga boruvchi yo‘lida turgan boshqa bir avtoulov egalariga hujum qilgan.

Li Tianiy va yana bir o‘smir ayni holdan dahshatga tushgan yo‘lovchilarga: "Politsiyani chaqira ko‘rma", deb baqirishgan.

Muxbirimizning qo‘shimcha qilishicha, Xitoyda ko‘pchilik ushbu hodisaga badavlat va qudratli shaxslar bolalari o‘zlarini qonundan yuqori tutishlariga yana bir misol sifatida qarashmoqda.

O‘tgan yil politsiya zobitlaridan birining o‘g‘li shirakayf holda mashina haydab, universitet talabasini urib ketgan, oqibatda talaba hayotdan ko‘z yumgandi.

O‘shanda Li Kiming ismli ushbu shaxs hodisa joyidan olib ketilarkan: "Mening otam Li Gang", deb qichqirgani xabar qilingandi.

Uning so‘zlari internetda Xitoy hukumron doiralariga norozilik shioriga aylangan va oddiy xalq bilan ular o‘rtasida jarlik mavjudligini ifodalash uchun qo‘llanilgan.

Keyinroq Li Kiming olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Siz mamlakatingizda shunga o‘xshash hodisalarga guvoh bo‘lganmisiz? Fikr-mulohazalaringizni bbcuzbek.com ga yo‘llang