Liviya mojarosi: Muvaqqat hukumat kuchlari Sirtda qarshilikka duch kelishgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Liviya muvaqqat ma‘muriyati jangchilari Muammar Qaddofiyga hamon sodiq qolayotgan oxirgi shaharlardan biri Sirtga kirib borishgan.

O‘tish davri Milliy Kengashiga ko‘ra, jangchilar shahar markazidan 8 chaqirimcha uzoqdagi janub va g‘arbidagi mudofaa chiziqlarni yorib o‘tishgan, ammo qattiq qarshilikka duch kelib, chekinishgan.

Kengash voizining BBCga bildirishicha, muvaqqat hukumat kuchlari merganlar va qaddofiyparast qo‘shinlar elit (saralangan) bo‘linmasi bilan to‘qnashishgan. Hamda yaradorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida 2 chaqirimcha ortga chekinishga majbur bo‘lishgan.

Muvaqqat hukumat kuchlari bir necha tayanch nuqtalarda qaddofiyparast qo‘shinlar qarshiligi duch kelishmoqda. Bani Valid, Sabha va Muammar Qaddofiy tug‘ilgan Sirt shaharlari shular jumlasiga kiradi.

O‘tgan hafta aksilqaddofiy kuchlari Bani Validni olishga sanoqli soatlar qolganini aytishgan, ammo keyin ortga chekinishga majbur bilishgandi.

Ayni paytda Beng‘ozidagi olamon Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerun va Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkoziy olqishlar bilan kutib olishgan.

Ular Qaddofiy tuzumi ag‘darilganidan beri mamlakatga safar qilayotgan ilk G‘arb rahbarlaridir.