Yaman poytaxtidagi g‘alayonlarda halok bo‘lganlarning soni ortib bormoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

19 sentyabr kuni ham Yaman poytaxti Sanoda aksilhukumat namoyishi ishtirokchilariga qarata o‘t ochilgan.

Yakshanba kungi 26 namoyishchi o‘limidan so‘ng Yaman muxolifati yanada katta norozilik chiqishlariga chaqirgan.

Muxbirlarning xabar berishlaricha, dushanba tongida Sano markazida chodirlar shaharchasi qurib shu yerda tunagan namoyishchilarni muxolifat rahbarlari ovoz kuchaytirgichlarda yangi norozilik amaliyotlariga chaqiriq bilan uyg‘otganlar.

Guvohlarning aytishlaricha, poytaxt Sano markazidagi aksilhukumat chiqishlari joyiga aylangan O‘zgarish xiyoboni atrofidagi binolarning tomlarida o‘rnashgan snayperlar uch kishini otib o‘ldirgan.

Shaharning boshqa bir qismida xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda uch inson halok bo‘lgani, o‘nlab kishilar yaralangani xabar qilingan.

Ertalab Prezident Ali Abdulloh Solihning iste‘fosini talab qilgan minglab namoyishchilar Sano markaziga qarab yurish boshlaganlar, ular bu yerda chodirlar jamlog‘ida tunab qolayotgan soni o‘n ming kishi deb aytilayotgan namoyishchilar safiga borib qo‘shilganlar.

Yurish davomida namoyishchilar bilan Yaman Respublikachilar gvardiyasining idorasi oldida xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan.

Mamlakatning Respublikachilar gvardiyasini Prezident Ali Abdulloh Solihning o‘g‘li Ahmad boshqaradi.

Dushanba kungi marsh ham yakshanba kunidagi o‘n minglab namoyishchilar qatnashgan yurishdek tashkil qilingan.

Guvohlarning aytishlaricha, xavfsizlik kuchlari bilan qurollangan tinch fuqarolar bir-birlariga qarshi o‘t ochishgan, namoyishchilarga qarshi og‘ir qurollar, suv purkagichlar va ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz ham ishga solingan.

Shifokorlarning aytishlaricha, 26 inson halok bo‘lgan, 500 kishi yaralangan.

Yaman hukumati nomidan yakshanba kungi hodisa yuzasidan bayonot e‘lon qilingan.

"Yaman hukumati Sanoda kecha ro‘y bergan zo‘ravonlik amallari va qon to‘kilishi yuzasidan afsus izhor qiladi va bu amallarni qoralaydi. Hukumat tergov o‘tkazadi va ushbu barcha amallarga javobgarlarni jazoga tortadi", deb aytgan Yaman Tashqi ishlar vaziri Abu Bakr al-Qurbiy.

Yakshanba kungi yurish tashkilotchisi "Yosh inqilobning tashkiliy qo‘mitasi" deb nomlangan yoshlar tashkiloti bo‘lgan, ular butun mamlakat bo‘ylab yamanliklarni tinch namoyishlarga kelishga da‘vat etgan, ular o‘zlarining amaliyotlarini tinch ekani haqida bayonot e‘lon qilganlar.

Yoshlar guruhlari, shuningdek, politsiya, xavfsizlik kuchlariga murojaat qilib, "Solih oilasi a‘zolarining o‘z xalqini o‘ldirish buyrug‘iga bo‘ysunmaslikka" chaqirganlar.

Shu yil iyun oyida qarorgohiga uyushtirilgan raketa hujumida yaralangan Prezident Ali Abdulloh Solih hozir Saudiya Arabistonida davolanmoqda, u Vitse-Prezident Abdrabuh Mansur Hadiyni muxolifat bilan qudrat almashish borasida muzokara olib borishga buyruq bergan.

Lekin muxolifat Yamanni 1978 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Solih bilan muloqotlar chaqirig‘ini rad etib keladi.