Сўнгги янгиланиш 21 сентябр 2011 - 14:31 GMT

Afg‘oniston sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy xudkushlik hujumi qurboni bo‘ldi

Afg‘onistondan kelayotgan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, kecha seshanba kuni Kobuldagi uyida o‘ldirilgan mamlakat sobiq prezidenti va Oliy Tinchlik Kengashi raisi Burhoniddin Rabboniy xudkushlik hujumi qurboni bo‘lgan.

Mas‘ullarga ko‘ra, bombani sallasiga yashirib kelgan xudkush hujumchi janob Rabboniy va yana bir qancha kishining umriga zomin bo‘lgan.

Portlash yuz bergan paytda Burhoniddin Rabboniy o‘z uyida Tolibon harakati a‘zolari bilan uchrashayotgan bo‘lgan. U boshchiligidagi kengash afg‘on hukumatining Tolibon tomoni bilan muzokaralar olib borish harakatlariga boshchilik qilib keladi.

Hujumda Afg‘oniston Oliy Tinchlik Kengashi yuqori martabali maslahatchisining ham jiddiy tan jarohati olgani aytiladi.

Marhumning ruhiga hurmat bajo aylash va hujumga o‘z noroziliklarini bildirish uchun yuzlab afg‘onlar poytaxt Kobulga yig‘ilishmoqda.

bu yerga bosing Afg‘oniston Oliy Tinchlik Kengashi raisi Burhoniddin Rabboniy o‘ldirildi

Burhoniddin Rabboniyning o‘ldirilganiga oid xabar ortidan, Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay Amerika Qo‘shma Shtatlariga safarini bekor qilgan.

Afg‘on rahbarining AQSh Prezidenti Barak Obama bilan uchrashishi kutilayotgandi.

Barak Obama, o‘z o‘rnida, xudkushlik hujumini qoralab, Burhoniddin Rabboniyning o‘limi "fojeaviy yo‘qotish" ekanini aytgan.

Ammo har ikki davlat rahbari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish ahdida qat‘iy ekanliklarini yana bir bor bayon qilishgan.

Prezident Homid Karzay, "Bu kun - Afg‘onistondagi hamma uchun qayg‘uli, ammo birdamligimiz va o‘z sa‘y-harakatlarimizni davom etdirish kuni", deb aytgan.

Afg‘oniston muxolifati liderlaridan doktor Abdulla Abdulla, "Janob Rabboniyning o‘limi butun Afg‘oniston xalqi uchun katta yo‘qotish" ekanini aytib, sobiq prezidentni "so‘nggi nafasiga qadar tinchlik uchun kurashgan shaxs", deb ta‘riflagan.

Afg‘onistondagi Nato va Xalqaro Tinchlikni Saqlash kuchlari (ISAF) ham hujumni qoralab chiqishgan.

Jumladan, ISAF kuchlari qo‘mondoni general Jon Allen, "Tinchlik tashabbusining yuzi hujumga tutildi", deb aytgan.

Burhoniddin Rabboniyning uyi poytaxt Kobulning hashamatli mavze‘laridan birida, AQSh elchixonasiga yaqin kuchli qo‘riqlanuvchi hudud chekkasida joylashgan.

O‘tgan hafta ushbu tuman Tolibon harakatining ja‘mi 25 kishining umriga zomin bo‘lgan va naq 20 soat davom etgan hujumlariga sahna bo‘lgandi.

Afg‘oniston sobiq prezidenti qurbon bo‘lgan so‘nggi hujum poytaxt Kobulning qanchalar xavfsiz ekaniga oid xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Hujum tafsilotlari

Afg‘oniston aksilterror mulozimlari Kobuldagi BBC muxbiri Bilol Sarvariyga hujum tafsilotlarini so‘zlab berishgan.

Ayon bo‘lishicha, ikki Tolibon qo‘mondoni prezidenti Homid Karzayning tinchlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mas‘um Stanakzay bilan birga qizil rangli "Corolla" rusumidagi mashinada Burhoniddin Rabboniyning uyiga kelishadi.

Qo‘mondonlar uydagilarga janob Rabboniy uchun Tolibon harakatidan maxsus xabar keltirganliklarini aytishadi.

Qo‘riqchilar Tolibon qo‘mondonlarini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘lishganida, janob Stanakzay, "Biz bu ikkovlonni bilamiz. Ular o‘zimizning odamlarimiz", deydi.

Tolibon qo‘mondonlaridan biri janob Rabboniy bilan quchoqlashib ko‘rishayotgan paytda, sallasiga yashirilgan bombani portlatib yuboradi.

"Hujumchilardan birining boshi yo‘q. Yaralangan ikkinchisi esa, hibsga olindi. Ularni olib kelgan haydovchi ham qochib qolmasidan avval qo‘lga olindi", deb Bi-bi-siga ma‘lumot berishgan Afg‘onistondagi josuslik manbalari.

Kobuldagi muxbirimizning aytishicha, Tolibon qo‘mondonlari bilan seshanba kungi uchrashuv sir tutilgan. Va faqat uchrashuvdan bir necha soat oldin janob Rabboniyning ayrim yordamchilari bu xususda ogohlantirilganlar, xolos.

Unga ko‘ra, aynan ana shu uchrashuv uchun bundan bir necha kun burun Burhoniddin Rabboniy xorij safaridan Afg‘onistonga qaytgan bo‘lgan.

So‘nggi paytlarda Afg‘onistonda qator nufuzli siyosatchilar va yuqori martabali harbiy qo‘mondonlarga qarshi suiqasd amallari uyushtirildi.

Iyul oyida prezident Hommid Karzayning ukasi Ahmad Vali Karzay janubiy Qandahor shahridagi uyida o‘z qo‘riqchilari rahbari tomonidan o‘ldirildi.

Undan ikki oy avval esa, Afg‘oniston shimoli bo‘yicha Bosh politsiya qo‘mondoni, general Dovud Dovud xudkushlik hujumi qurboniga aylandi.

Bu hujumlarning aksariyatiga mas‘uliyatni Tolibon harakati o‘z zimmasiga olib chiqqandi.

Ammo Afg‘oniston sobiq prezidenti o‘ldirilgan hujumga javobgarlikni hozircha biror bir guruh o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.

Dafn marosimi

Islomiy urf-odatlarga muvofiq, mayitning imkon qadar tezlikda dafn etilishi lozim ko‘riladi.

Ammo Burhoniddin Rabboniyning qachon va qayerda tuproqqa qo‘yilishi hozircha ma‘lum emas.

Marhumning ruhiga hurmat bajo aylash va hujumga o‘z noroziliklarini bildirish uchun yuzlab afg‘onlar poytaxt Kobulga yig‘ilishmoqda.

Ular qo‘llarida Burhoniddin Rabboniyning suratini ko‘tarib olib, boshlariga qora tasma bog‘lagancha, "Qur‘on" suralarini qiroat etishmoqda.

Janob Rabboniyning uyi o‘rab olingan, o‘z ta‘ziyalarini izhor etish uchun sobiq hamkasblari va qo‘mondonlar ham kelishayotgani aytiladi.

Marhumning uyi joylashgan diplomatik hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, politsiya kelayotgan har bir kishini sinchiklab tekshirmoqda.

Mushtariylarimiz maktublari

Nurullo

Tinchlikni istagan mu‘tadil bir inson o‘ldirildi. Voasafo... Tinchlik dushmanlari hamisha ezgulik sari qo‘yilayotgan qadamlardan qo‘rqishadi va bu qadam egalarini jisman mahv etishga harakat qilishadi, odatda. Keyingi paytda mazlum Afg‘onistonda TINChLIK o‘rnatilishi uchun ko‘p sa‘y-ko‘shish qilayotgan marhum Burhoniddin Rabboniy ham Tinchlik dushmanlari qurboni bo‘ldi, nazarimizda. Xudo u kishini rahmat qilsin, omin.

Talaba yigit

Olloh rahmat qilsin. Juda go'zal inson edi. Afghoniston ozodligi uchun kurashgan, Islomni himoya etgan fidoyi odam edi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.