Turkiya: stadion xotin-qizlar va bolalarga to‘la futbol o‘yinini tomosha qilganmisiz?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Ishqibozlik bobida ayollar erkaklardan sira qolishgani yo‘q

Turkiyaning futbol assotsiatsiyasi ishqibozlar bezorligining oldini olishning radikal yo‘lini tanladi - futbol o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga birorta ham erkak kishining kirishiga ruxsat etilmagan.

20 sentyabr kuni Istanbulning "Fenerbaxche" futbol klubi o‘z maydonida Manisning "Manisaspor" jamoasiga qarshi o‘ynagan.

O‘yin Istanbuldagi "Shukru Sarajoglu" stadionida bo‘ldi va futbol ishqibozlarining beboshliklari sabab stadionga faqat ayollar va 12 yoshdan kichik bolalarning kirishlariga izn berildi.

Erkaklarga joriy etilgan taqiqqa qaramasdan, "Fenerbaxche" stadioniga 41000 tomoshabin yig‘ilgan.

Futbol birlashmasi "Fenerbaxche" ishqibozlarining iyul oyidagi Ukraina chempioni, Donetskning "Shaxtyor" jamoasiga qarshi o‘yini paytidagi bezoriliklari sabab, ularni shu tarzda jazolashga qaror qilgan.

Iyul oyida "Fenerbaxche" klubi rahbariyatiga qarshi futbol assotsiatsiyasi chora ko‘rgan, bundan norozi tomoshabinlar esa o‘z noroziliklarini Istanbulga borgan ukrainalik mehmonlarga qarshi zo‘ravonliklar bilan izhor etishga qaror qilganlar.

Dastlab matchni yoritayotgan jurnalistlarga qarshi tanga otish boshlangan.

So‘ng tangalar futbolchilarga qarata otilgan.

Ukrainalik jurnalistlarni boshqa joyga olib chiqib ketishga qaror qilingan.

Ishqibozlarning qiliqlari tufayli hakamlar o‘yinni bir necha marta to‘xtatishga majbur bo‘lganlar.

Nihoyat 69-daqiqada o‘yin butkul to‘xtatilgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Hayqiriqlar ham, dastaklov ham avvalgidek bo‘ldi

Qiyinchilik bilan "Shaxtyor" jamoasi futbolchilarini g‘azabnok ishqibozlar olomoni ichidan aeroportgacha olib chiqishga muvaffaq bo‘lingan.

Turkiya futbol assostsiatsiyasi "Fenerbaxche"ning ikki o‘yinini butkul yopiq eshiklar ortida, stadionga tomoshabinlarni kiritmasdan o‘tkazish qarorini qabul qilgan, biroq keyin bu qarorini yumshatgan - faqat ayollar va bolalarning "Manisaspor" bilan o‘yinni ko‘rishlariga ruxsat berilgan.

"Fenerbaxche-Manisaspor" o‘yini 1-1 hisobi bilan yakunlangan.

Gollar urilgan paytda odatdagidek ishqibozlarning stadionni "portlatib yuboradigan" hayqiriqlari o‘rniga bu gal futbolchilarga qarata gullar otilgan, qizg‘in qarsaklar eshitilgan.

"Bu o‘yin hech qachon esimdan chiqmaydi. Bir o‘yinda buncha ko‘p ayol va bolalarni har doim ham ko‘ravermaysan", deb aytgan "Fenerbaxche" sardori Aleks de Souza.

Uning jamoadoshi Jozef Yobo esa ayollarga rahmat aytgan.

"Biz xonimlarga jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelishgani uchun tashakkur izhor etishimiz kerak. Ishqibozlarsiz o‘ynash qiyin bo‘lar ekan", degan Jozef Yobo.

"O‘ziyam stadionda juda zo‘r va yoqimli atmosfera bo‘ldi-da", deb aytgan "Manisaspor" o‘yinchisi Umar Aysan.

O‘yin oldidan ishqibozlarni faqat ayollardan iborat politsiyachilar tekshirib kirgizganlar.

Match oldidan gapirgan "Fenerbaxche" rahbariyatidagi yagona ayol Yasmin Mersil "bu haqiqatan tarixiy kun" deb aytgan.

"Dunyoda birinchi marta o‘yinni faqat xotin-qizlar va bolalar tomosha qilishadi. O‘yin payti ayollar nima deb baqirishni juda yaxshi bilishadi. O‘sha eski madhiya, o‘sha eski hayqiriqlar bo‘ladi", deb aytgan Yasmin Mersil xonim.