Fransada niqob kiyishni davom ettirgan ikki muslima ayol jarimaga tortildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Kenza Drayder matbuot o‘ngida chiqish qilmoqda.

Fransa mahkamasi ikki muslima ayolni yangi qabul qilingan qonunga qarshi jamoat yerlarida niqobda yurishni davom ettirganlari tufayli jarimaga tortish haqida hukm chiqardi.

Hind Amas va Kenza Drayder har birlari 200 dollar jarima to‘lashlari kerakligi aytildi.

Ularning ikkisi ham hukm ustidan shikoyat qilishlarini bildirishgan.

Hind Amas va Kenza Drayder shu yilning may oyida Parijning sharqiy qismida niqobda ketayotgan vaqtda politsiya tomonidan to‘xtatilgandilar.

Shu vaqtgacha Fransa bo‘ylab jamoat yerlarida niqob kiyib yurgan 91 ayol to‘xtatilib, yangi qabul qilingan qonunga muvofiq ularga 150 yevro jarima solinishi nazarda tutiladi.

Niqob kiyish huquqini himoya qiluvchilar hukm ustidan Ovro‘po Ittifoqining Inson huquqlari mahkamasiga qadar shikoyat qilishlarini bildirganlar.

32 yoshli Hind Amas va uch farzandning onasi Kenza Drayder Fransada niqob kiyib yurish har bir ayolning shaxsiy tanlovi bo‘lishi va Ovro‘po qonunlarida qayd etilgan huquqlari ekanligini ta‘kidlab kelayotgan bir necha yuz muslimalar kurashining ramzi sifatida ko‘rilmoqdalar.

Hindning ota-onasi mo‘‘tadil musulmon edilar. Hindning o‘zi bundan olti yilcha avval o‘z xohishi bo‘yicha niqobda yura boshlagan.

Uning aytishicha, bir vaqtlar kalta yubkada diskotekalarga borib yurgan, lekin keyinchalik muslima o‘zligini anglab yetgan.

Fransada musulmon guruhlarining aytishlaricha, aprel oyida kiritilgan taqiqdan beri bir qator ayollar niqobda yurganlari uchun haqoratlanganlar.

Hozirda kutilishicha, bu ikki ayol dastlab Fransadagi appelyatsion jarayonlarni o‘tib, keyinchalik Strasburgdagi Ovro‘po mahkamasida qonunni sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladilar.

Bir qator boshqa Ovro‘po davlatlarida ham shu kabi taqiqlar kiritilgan yoda kiritilishi rejalanmoqda.

Lekin bu boradagi qonunlar fuqarolarning konstitutsion huquqlarining buzilishini anglatadi, degan fikrlar aytilmoqda.