Matbuot: "Endi Rossiyani "Putiniston" deb nomlasa ham bo‘laveradi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Putin Kremlga qaytishi haqida shanba kuni e‘lon qilgan

Rossiyaning ko‘pchilik ro‘znomalari Putin va Medvedevning o‘rin almashishlari haqidagi yangilikka salbiy munosabat bildirgan.

"Moskovskiy Komsomolets" ro‘znomasiga ko‘ra atigi bir necha kun avval bu kabi yangilik "hazil" sifatida qabul qilingan bo‘lardi.

"Endi Rossiyani "Putiniston" deb e‘lon qilsa bo‘laveradi", deya kinoya qiladi ro‘znoma.

Nashr o‘z vaqtida Britaniya Margaret Tetcherning 11 yillik boshqaruvidan bezgani va alal-oqibat uni o‘zining partiyasi hokimiyatdan chetlatganini xotirlatadi.

"Moskovskiy Komsomolets"ga ko‘ra, "Putin o‘zini "Rossiya imperatori" deb e‘lon qilishi mumkin, ammo u rossiyaliklarning aqliga o‘zini "yangi rahbar" deb singdira olmaydi.

"Vedomosti" ro‘znomasi janob Medvedevning prezidentligi Putinning uchinchi muddati uchun niqob bo‘lgan xolos, degan xulosaga kelgan.

Ro‘znoma Rossiyani halokat sari borayotgan "Titanik"ka o‘xshatadi.

Hissalar narxi tushmoqda

Dushanba kuni ertalab Rossiyadagi moliya bozorlarida hissalar narxining tushishi kuzatilgan.

RTS indeksi 3 foizdan ko‘proq, MMVB hissalari esa 2.5 foizdan ko‘proq qiymat yo‘qotgan.

AQSh dollari esa birdaniga 35 tiyinga ortib, 32,4 rublni tashkil etgan.

Keyinroq indekslar ko‘tarilgan, ammo tahlilchilarning fikricha, yaqin kelajakda nima bo‘lishini bashorat qilish qiyin.

Hissalar narxiga ta‘sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar jahon moliya bozoridagi vaziyat bilan bir qatorda Rossiya siyosiy hayotidagi voqealar ekani aytilmoqda.

Jumladan, 2012 yil martidagi saylovlarda prezidentlikka Vladimir Putin nomzodining ilgari surilishi va Moliya vaziri Aleksey Kudrinning Dmitriy Medvedev Bosh vazir bo‘lgani taqdirda uning hukumatiga kirmasligi haqidagi bayonoti.

"Men bilan Medvedev o‘rtasida iqtisodiy siyosat borasida kelishmovchiliklar bor. Ular birinchi navbatda harbiy xarajatlarga taalluqli", deb aytgan Vashingtondagi sanoati rivojlangan 20 davlat moliya vazirlarining uchrashuvida ishtirok etayotgan janob Kudrin.

Shanba kuni iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasining qurultoyida putin Rossiya prezidentligiga nomzodini surishini e‘lon qilgan va joriy Prezident Dmitriy Medvedevga bosh vazirlik lavozimini taklif etgan.

Ayni paytda ayrim tahlilchilar Putin nomzodining ilgari surilishi Rossiyadagi moliya bozorlari uchun yaxshi yangilik, degan fikda.

Ularga ko‘ra, bu qaror Rossiyada siyosiy aniqlik paydo bo‘lganini anglatadi.

Iste‘fo taklifi

Ayni paytda Prezident Medevedev Bosh vazir o‘rinbosari va Moliya vaziri Aleksey Kudringa agar prezident bilan kelishmasa, dushanba kuni kun davomida iste‘fo haqida qaror qabul qilishni taklif etgan.

Prezident huzuridagi zamonaviylashtirish bo‘yicha komissiya yig‘ilishida janob Medvedev kimki prezident va hukumat siyosati bilan kelishmasa, o‘ziga ariza bilan murojaat qilishi mumkinligini aytgan.

"Siz tezda bir qarorga kelishingiz va menga bugun javob berishingiz kerak, yoki siz o‘zingiz aytayotgan kelishmovchilik yo‘q, degan fikrdan kelib chiqqan bo‘lasiz. Bunday holatda izoh berishingiz kerak bo‘ladi. Agar kelishmovchilik haqiqatan ham bo‘lsa, men boshqa yo‘lini ko‘rmayapman", - degan janob Medvedev Moliya vaziriga.

O‘z navbatida janob Kudrin o‘zi bilan prezident o‘rtasida haqiqatan ham kelishmovchilik borligi, ammo iste‘fo borasida qaror qabul qilishdan avval Bosh vazir Putin bilan maslahatlashishini aytgan.

"Xohlagan odamingiz, shu jumladan, bosh vazir bilan ham maslahatlashishingiz mumkin, ammo toki men prezident ekanman, bu boradagi qarorni o‘zim qabul qilaman", - degan janob Medvedev.