Haqqoniy tarmog‘i rahbari Burhoniddin Rabboniyni o‘ldirganlarini rad etdi

Afg‘onistondagi oxirgi paytdagi qator halokatli hujumlarda ayblangan Haqqoniy tarmog‘i rahbari Siroj Haqqoniy Afg‘oniston hukumatining tinchlik muzokarachisi Burhoniddin Rabboniyni o‘ldirganliklari haqidagi xabarlarni rad etgan.

Siroj Haqqoniy BBCning Pashtun xizmatining avvaldan yozib berilgan savollariga o‘zining javoblarini audio shaklida yozib qaytargan, BBC nazarida audioyozuvdagi ovoz Siroj Haqqoniyga tegishli.

Siroj Haqqoniy jangarilar guruhini tashkil etgan Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘lidir.

Payshanba kuni Afg‘onistondagi xalqaro va Afg‘on kuchlari Paktiya viloyatida o‘tkazilgan maxsus amaliyotda Haqqoniy tarmog‘idagi muhim rahbarlardan biri Hoji Malik Xon va uning bir necha yordamchilarining qo‘lga olingani haqida xabar qilgan.

Afg‘onistonning sobiq prezidenti va Afg‘oniston hukumatining Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida asosiy vositachisi bo‘lgan Burhoniddin Rabboniy 20 sentyabr kuni Kobuldagi uyida o‘ldirilgan, unga Tolibon tomonidan muhim xabar borligi aytilib, uchrashuv taklif etilgan edi.

Sallasiga portlovchi moddani o‘rnatgan va o‘zini Tolibon elchisi deb taqdim etgan shaxs Burhoniddin Rabboniy bilan ko‘rishayotgan paytda o‘zini o‘zi portlatib yuborgan.

2 oktyabr kuni tergov ma‘lumotlariga tayanib xabar tarqatgan Afg‘oniston prezidenti ma‘muriyati xudkush hujumchi Pokiston fuqarosi ekani aniqlangani haqida xabar tarqatgan.

BBC savollariga javob qaytararkan, Siroj Haqqoniy "Biz Burhoniddin Rabboniyni o‘ldirganimiz yo‘q, u uzoq vaqt davomida Islomiy Amirlikning voizi bo‘lgan edi", deb aytgan.

Tolibon Afg‘oniston ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan 1996 yildan mamlakatni Islomiy Amirlik deb ataydi.

Tolibon harakati Burhoniddin Rabboniyning o‘ldirilishi borasida izoh berishni xohlamasligini aytgan.

Afg‘oniston hukumati va ko‘plab kuzatuvchilar Haqqoniy tarmog‘ini Pokiston josuslik xizmatlari nazoratida, deb biladilar.

O‘zining javoblarida Siroj Haqqoniy Pokiston maxsus xizmatlari bilan aloqadorligini rad etgan.