Liviya: Sirtga qarshi yangi harbiy amaliyotlar boshlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Liviya o‘tish davri hukumati kuchlari Qaddofiychilarning tayach nuqtasi bo‘lib qolayotgan Sirt shahriga qarshi yangi harbiy amaliyotlarini boshlashgan.

Ikki kunlik osoyishtalikdan so‘ng shahar raketalar va tanklar vositasida nishonga olingan.

Yuzlab odamlar Sirtni tashlab chiqishgan, biroq insonparvarlik yordam xodimlariga ko‘ra, ichkarida hali yana minglab kishilar qolishmoqda.

Janubda 1,200dan ortiq afrikalik muhojirlar Chadga evakuatsiya qilingan.

O‘tish davri Milliy Kengashi kuchlari uch haftadan beri qarshilik ko‘rsatayotgan Qaddofiy sodiq qo‘shinlarni shahardan siqib chiqarish uchun og‘ir qurollarni ishga solishmoqda.

Ammo, Sirt tashqarisidagi hukumat jabhasida bo‘lgan BBC muxbiri Jonatan Xedning aytishicha, oldinga siljish hali ham mushkul kechmoqda.

Harbiy amaliyotlarni boshqarayotgan qo‘mondonlardan biri bu Sirtga qarshi nihoiy hujumlarning boshlanishi ekanini aytgan. Biroq, u harbiy amaliyotlar qancha vaqt davom etishi haqida tugal gap ayta olmagan.

Hali shaharda minglab odamlar bor

Dushanba kuni yuzlab sirtliklar liq to‘la avtomashinalarda shaharni tashlab chiqishgan.

Guvohlarning aytishlaricha, hali minglab odamlar ichkarida qolmoqda. Ayrimlar jarohat olishgan, ba‘zilarning avtoulovlari va yo yoqilg‘ilari yo‘q, ma‘lum sondagi kishilar esa, shunchaki eshik hatlab chiqishga qo‘rqishayotir.

Muammar Qaddofiyning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda. Qamal ostidagi shahar sobiq rahbarning tug‘ilgan joyi hisoblanadi.

O‘tish davri Milliy Kengashi yangi harbiy amaliyotlarni boshlashdan oldin aholi shahardan chiqib ketishiga imkon berish uchun yakshanba kunigacha vaqtinchalik sulhga erishgandi.

Sirt O‘tish davri Milliy Kengashiga qarshilik saqlanib qolayotgan ikki yirik shaharning biridir.

NATO rasmiysi Qaddofiyparast televizion kanalining Sirt ustidan NATO tikuchog‘i urib tushirilgani borasidagi xabarini rad etgan.

Afrikaliklar evakuatsiya qilindi

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti 1,200 nafar afrikalikni Liviya janubidagi Sabha shahridan evakuatsiya qilmoqda.

15ta yuk mashinasidan iborat karvon Nigerdan Chad tomon yo‘lga tushgan. Afrikaliklar o‘sha yerdan o‘z uylariga qaytariladi.

Xalqaro Migratsiya Tashkilotining Chaddagi idorasi rahbari Qosim So‘fiy jang maydoniga aylangan shahardan chiqib ketayotgan muhojirlar guruhi va nihoyat "engil nafas olishgan". Ular 11ta turli mamlakat fuqarolari ekanlari aytiladi.

Janglar bois muhojirlarni olib chiqish va yo ularga zaruriy ta‘minot yetkazish mushkul qolayotgandi.

Ko‘plab afrikaliklar yollanma askarlar deya gumon qilinganlari va O‘tish davri Milliy Kengashi kuchlarining adovatli munosabatlarga duch kelganlarini aytishgan.