Qizlarni erta turmushga uzatish faqat O‘zbekistonga xosmi?

Jahon bo‘ylab millionlab qizlar voyaga yetmay turib turmushga uzatiladilar. Ammo, ayrim hollarda qizaloqlari oilalarining irodasiga qarshi borishadi.

Zotan, voyaga yetmagan bolalarni turmushga berish ko‘plab mamlakatlarda noqonuniydir.

Joriy yil UNICEF chiqargan hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir yilda 10 million nafar 18 ga to‘lmagan qizlar turmushga uzatilar ekan.

O‘tgan oy janubiy afrikalik arxiyepiskop Desmond Tutu "Qizaloqlar kelinchaklar emas" deb nomlangan global kampaniya boshladi.

U bolalarni turmushga uzatish "millionlab qizlarning bolaliklari, huquqlari va qadr-qimmatlarini o‘g‘irlaydigan amal" ekaniini aytadi.

Mening mamlakatim Afg‘onistonda har ikki buvim ham, xolam ham voyaga yetmay oila qurishgan.

Ammo, ularning oilalari normal, hatto baxtli hisoblangan.

Men yosh bolalar turmush qurishi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarda bo‘lgan Hindiston va Bangladeshga borish va u yerdagi go‘dak kelinchaklar bilan uchrashishga qaror qildim.

Dunyo bo‘ylab bolalar o‘rtasidagi nikoh hollarining 40 foizi Hindistonda kuzatiladi.

Shimoliy Rajostan shtatida men 6 va 11 yoshlar atrofida bo‘lgan opa-singillarning to‘ylariga guvoh bo‘ldim.

Katta yoshdagi ayol qarindoshlar qizlarning atroflarida girdikapalak bo‘lishar, ularni qizil yaltiroq zar o‘tgan libosga o‘rab, yuzlarini upa-elik bilan pardoz qilishardi. Kelinchaklar esa, xuddi itoatkor bolalar kabi bularning bariga qo‘yib berishardi.

Hindistonda bolalarning oila qurishi qonunan ma‘n etilgan. Qonunga rioya qilmaganlar 100 ming rupey - 2000 Amerika dollari miqdorida jarima va ikki yillik qamoq bilan jazolanadi.

Image caption Mamta(chapda) erta turmushga chiqqani tufayli savodsiz bo‘lib qolganini aytadi

Biroq bu men borgan to‘yda shodon raqs tushayotgan mehmonlarni ham va yo yoshlarning boshlarini qovushtirayotgan ruhoniyni ham xavotirga solayotgan ko‘rinmasdi.

Bir payt kelinchaklarning bobosi: "Hukumatning bizni to‘xtatishga urinishlari menga juda yoqmaydi. Bu - oldindan qilib kelgan rusumimiz. Hukumat esa, voyaga yetmaganlarning oila qurishlariga qarshi. Ammo, bizga buni farqi yo‘q, baribir to‘y marosimlarni o‘tkazaveramiz”, deya shikoyat qilib qoladi.

Mahalliy nohukumat tashkilotlaridan biri xodimasi Dinesh Sharmaning aytishicha, chekka qishloqlarda bolalarni turmushga uzatish rasmi butunboshli jamoa tarafidan qo‘llab-quvvatlanadi. Juda kamdan-kam hollarda politsiya formasidagi kimdir kelib buni to‘xtatishga urinadi.

Rajostandagi qizlar juda yosh turmushga berilayotgan bir paytda kuyov bolalarni ham u qadar katta deb bo‘lmaydi. Ba‘zan kelin-kuyov tengdosh bo‘lsalar-da, 15 va yo 16 ni yetganlaridan so‘ng birga eru-xotin bo‘lib yashay boshlaydilar.

Baribir yosh bolalarning oila qurishlari ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari yo‘lidagi imkoniyatlarni cheklab qo‘yadi.

Ikki farzandning onasi Ruxmani 26 yoshda. U olti yoshida turmushga berilgan va eri bilan 15 yoshidan birga yashay boshlagan.

"Agar kechroq turmushga chiqqanimda o‘qish va yozishni o‘rgangan bo‘lardim. Ta‘lim olganimda edi, dalada jazirama issiqda og‘ir mehnatni qilishga majbur bo‘lmasdim", deydi Ruxmani.

Bolaligida uzatilganlardan yana biri Mamta ham o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lolmaganidan afsus qiladi. Aksincha, u erining doimiy kaltaklariga bardosh berishdan o‘zga chorasi qolmaganini aytadi.

Image caption Erta turmush qurish bolalikni o‘g‘irlashmi?

Ayollar bo‘yicha Xalqaro Tadqiqot Markaziga ko‘ra, Hindistonning ayrim shtatlaridagi 18 ga yetmay turib oila qurgan qizlarning aksari turmush o‘rtoqlari tomonidan kaltaklanishadi va yo tahdidlarga duch kelishadi. Bunday hayotga mahkum qizlarning soni keyinroq turmush qurganlarnikidan ikki barobar ko‘p ekan.

Erta oila qurganlar duch keladigan eng yirik muammo bu ta‘lim olishdan mahrum qolishdir.

Rajostandagi mahalliy nohukumat tashkiloti - Shiv Shiksha Samiti qizlarni turmush qurishdan bosh tortishga rag‘barlantirib, ularga maktabda qolish o‘ta muhimligini tushuntiradi.

Tashkilot 14 yoshli Roshan Bairvaga yordam berishgan. Keyin Roshan ota-onasining istaklariga qarshi borib, maktabda qolishni talab qilgan.

"Men o‘z so‘zimda qattiq turganimdan beri qishlog‘imizdan biron bir qiz turmushga chiqmadi", deydi Roshan faxr bilan.

Ammo tashkilot xodimasi Shivji Ram Yadav Roshanning oilasini ko‘ndirish uchun qishloqda tekin o‘rta maktabning borligi asosiy rol o‘ynagan.

Qo‘shni Bangladesh Janubiy Osiyoda voyaga yetmaganlar turmush qurishlari bo‘yicha balandda, dunyo bo‘ylab esa, to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bangladeshda ham bolalar nikohi noqonuniy hisoblanadi.

Bu yerda yosh qizlar balog‘atga yetar-etmas uzatiladi. Va odatda erlari bilan o‘sha paytdanoq birga yashay boshlaydilar.

Sima 14 yoshda. U 19 yoshli erining uyiga ko‘chib o‘tganiga bir yil bo‘lgan.

Hozir uning hayoti erkin bolalik paytidagidan misli ko‘rilmagan darajada farq qiladi.

"To‘ydan keyin mening ishim nima? Idishlarni yuvish, polni artish, kir yuvish va ovqat qilish", deydi u.

Image caption 14 yashar kelinchak, 19 yoshli kuyov

Simaning hozir to‘rt oylik homilasi bor.

"Avval o‘zim bola edim va endi esa, bolali bo‘laman. Albatta, bu qo‘rqinchli", deydi u.

Bangladeshdagi "Akshin Eyd" tashkiloti rahbari Farah Kabirga ko‘ra, aholining katta qismi qashshoqlikda yashaydi.

Ko‘p oilalar qizlari va yo singillarini imkon qadar tezroq, hatto yoshi ancha kattaroq bo‘lsa ham, boqa oladigan odamga turmushga uzatish payida bo‘lishadi.

Ayrim bangladeshlik qizlar uchun yechim - mamlakatdagi kiyim-kechak sanoatida ishlash.

Bu ularga iqtisodiy mustaqillik va erta oila qurish talabini rad etishga iroda beradi.

Munni 13 yoshida turmushga chiqishdan bosh tortgan va buning o‘rniga tikuvchilik bo‘yicha ish topgan.

“Hozir ota-onam meni uzatishni istaydilar deb o‘ylamayman. Ular qizimiz ko‘p topayapti va bizga yordam beryapti deyishadi”.

Xullas, tekin ta‘lim olish imkoniyatlari bilanmi yo-da, ishlab pul topibmi, yosh qizaloqlar erta turmushga chiqmaslik uchun oilalarini ko‘ndirishlari oson kechmaydi.

Qizlar uchun tanlov imkoniyatlari esa, o‘ta cheklangan va har doim bu imkonli emas.

Toki, voyaga yetmagan bolalar nikohiga qarshi qonun risoladagidek amalga qilmas ekan, qizaloqlarning hayoti himoyasiz qolaveradi.

Siz ushbu masalaga qanday qaraysiz?

O‘zbekistonda ham yil sayin turmushga uzatilayotgan qizlarning yoshi ham "yosharib" borayotganiga qanday qaraysiz va buning sabablari nimada?

O‘zbek jamiyatida keng tarqalgan "Qari qiz" tushunchasi nimalarga bog‘liq?

Fikr-mulohazalaringizni BBC va mushtariylarimiz bilan o‘rtoqlashing.

Elektron pochtamiz manzili uzbek@bbc.co.uk