Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay Hindistonda "strategik bitimlarni" imzolaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay mamlakatidagi xavfsizlik va taraqqiyot masalalarini muhokama etish maqsadida Hindistonga borgan.

Hindiston Bosh vaziri Manmoxan Singx va boshqa rahbarlar bilan muzokaralar yakunida bir necha muhim strategik bitimlar imzolanishi ko‘zda tutilayotgani xabar qilingan.

Hindiston Afg‘onistonni qayta tiklash ishlariga katta hissa qo‘shib kelayotgan mamlakat bo‘lib, so‘nggi o‘n yil mobaynida Hindistonning Afg‘onistonga ko‘rsatgan ko‘maklari 2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Prezident Karzay Dehliga Afg‘onistonda yuz bergan qator hujumlar ortidan bormoqda, bu hujumlarda Hindistonning uzoq raqibi bo‘lib kelayotgan Pokiston maxsus xizmatlari ayblandi.

BBC muxbiri Sanjoy Majumder aytishicha, Dehli Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilganidan keyin Afg‘oniston va Pokistonda xavfsizlik vaziyati yomonlashishidan xavotirdalar.

"Hindiston Afg‘onistonning eng yirik donorlaridan biri, u Afg‘onistondagi yo‘l qurilishlaridan tortib, Afg‘on parlamenti binosini barpo etish kabi loyihalarga ham mablag‘ sarflagan, shu bilan birga Afg‘onistonda yanada kattaroq rol o‘ynashni xohlaydi", deydi muxbirimiz.

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzayning Hindiston bilan imzolashi ko‘zda tutilgan yangi shartnomalarning aksari Hindiston moliyalaydigan taraqqiyot loyihalariga taalluqlidir.

Shu bilan birga Hindiston Afg‘on xavfsizlik kuchlari, shu jumladan Afg‘on politsiyasini tayyorgarlik o‘tkazishni o‘z zimmasiga oladigan hujjat imzolanishi ko‘zda tutilgani xabar qilingan.

Muxbirlarga ko‘ra, Hindistonning Afg‘onistonni rivojlantirish amaliyotlariga bosh qo‘shayotgani haqidagi xabarlarni Pokiston xushlamay qarshilaydi, chunki Pokiston Afg‘onistonni "o‘z tomorqasi" deb biladi.

Dehli Pokistonni "Lashkari Toyiba" va "Haqqoniy" guruhlarini dastaklayotganlikda ayblaydi, bu guruhlar Afg‘onistondagi Hindistonga tegishli muassasalarni bir necha marta nishonga olganlar.

Bu hujumlar orasida 2008 yil Kobuldagi Hindiston elchixonasiga uyushtirilgan hujum ham tilga olinadi, o‘shanda 40 kishi halok bo‘lgan edi.