G‘arb matbuoti: "Putin SSSRni qayta tiklamoqchi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption "Putin uchun Ovrosiyo Ittifoqi tarixda qolishning yo‘li"

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Vladimir Putinning Ovrosiyo Ittifoqini tuzish g‘oyasi SSSRning qayta tiklanishi haqidagi xavotirlarni paydo qilgan.

"Kelasi yil prezidentlikka qaytishini e‘lon qilganidan bir hafta o‘tib, Vladimir Putin Rossiyaning sobiq sovet qo‘shnilarini qaytadan bir joyga to‘plash haqidagi ulkan g‘oyani ilgari surdi",- deb yozadi "Gardian" ro‘znomasi.

Britan ro‘znomasiga ko‘ra, "Ovrosiyo Ittifoqi" Rossiyaning xalqaro maydondagi ta‘sirini yanada kuchaytiradi.

"Gardian" Ovrosiyo Ittifoqini tuzish g‘oyasi "Sovet Ittifoqining qulashini "20-asrning eng yirik geosiyosiy falokati" deb ta‘riflagan shaxsdan chiqayotganiga e‘tibor qaratadi.

Ro‘znomaga ko‘ra,bu Putinning imperialistik qarashlarini aks ettiradi.

Putin Rossiyaning Sovet Ittifoqi qulashi barobarida yo‘qotgan qudratini qayta tiklash uchun Moskva rahbarligida son-sanoqsiz tashkilotlar tuzganini ta‘kidlagan "Gardian"ning Moskvadagi muxbiri Miriam Ildarning fikricha, sobiq sovet hududida Ovro‘po Ittifoqiga o‘xshagan bir ittifoqni yaratish oson bo‘lmaydi.

Xalqaro Moliya Jamg‘armasiga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi davlatlarining birgalikdagi yalpi ichki mahsuloti 16 trillionni tashkil etadi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining umumiy yillik yalpi ichki mahsulot hajmi esa bor-yo‘g‘i 1.9 trillion dollarga teng.

The Telegraph ro‘znomasiga ko‘ra, Putinning orzusi ro‘yobga chiqqani taqdirda Rossiya yana Yer yuzining beshdan bir qismida hokimlik qilishi mumkin.

"Telegraf"ning Moskvadagi muxbiri Endryu Osbornning yozishicha, Putinning g‘oyasi rus millatchilari va SSSR davridagi barqarorlikni sog‘ingan keksa yoshdagi ruslar tomonidan olqishlanadi.

Maqola muallifiga ko‘ra, garchi janob Putin yangi Ittifoqning Sovet Ittifoqidan farqli bo‘lishini urg‘ulagan esa-da, aslida ko‘p jihatdan SSSRga o‘xshash bo‘ladi.

"Kommunizmning o‘rnini avtoritarizm egallaydi, a‘zolik ixtiyoriy bo‘ladi, ammo geosiyosiy va boshqa jihatdan bu Sovet Ittifoqining o‘zginasi bo‘ladi", - deb yozadi muallif.

"Putin bir paytlar Sovet Ittifoqini tashkil etgan 15 jumhuriyatning barchasini hech qachon qaytadan birlashtira olmaydi. Boltiqbo‘yi davlatlari - Latviya, Estoniya va Litva allaqachon Ovro‘po Ittifoqining a‘zolari va 2008 yilda Rossiya bilan urushda o‘z hududining 20 foizini yo‘qotgan Gurjistonning esa, bu kabi Ittifoqqa qo‘shilishi haqiqatdan uzoq", - deb yozadi ro‘znoma.

Ammo Telegraf muxbirining fikricha, Putinning o‘ziga o‘xshagan qattiqqo‘l rahbarlar tomonidan boshqarilayotgan boshqa davlatlarga bu g‘oya ma‘qul kelishi mumkin.

"Shubhasiz, ular yangi ittifoqda Rossiyaning ustunligini kamaytirish uchun kurashadilar. Ammo shu bilan birga, ular yangi blokni xalqaro maydonda o‘z ovozlarini kuchaytirish va diktatorlarning paytavasiga qurt tushgan bir paytda o‘zlarining yakkahokimlik tuzumlarini mustahkamlash yo‘li, deb ko‘rishlari mumkin", - deb yozadi ro‘znoma.

Britan nashriga ko‘ra, Putin uchun bu tarixda qolishning yo‘lidir.

"Tarafdorlari uni 1990-yillardagi boshboshdoqlikdan so‘ng Rossiyani parchalanishdan asrab qolgan shaxs sifatida ko‘radilar. Soxta Sovet Ittifoqini yaratish bilan esa u Rossiya Imperiyasining yo‘qotishlarini qoplagan shaxs sifatida xotirlanishi mumkin", deyiladi maqolada.

Deyli Meyl ro‘znomasiga ko‘ra, Putinning g‘oyasi SSSRning qayta tiklanishi bilan bog‘liq qo‘rquvni paydo qilgan.

Nashrning yozishicha, yangi ittifoq SSSRga o‘xshamaydi, degan gaplar ba‘zi sobiq sovet davlatlarini ishontirishi qiyin.

"Ularning ko‘pchiligi Kremlning niyatlariga shubha bilan qaraydilar", - deb yozadi Deyli Meyl.

The Financial Times blogida jurnalist Izabel Gorst Ovrosiyo Ittifoqi Qozog‘iston uchun nimani anglatishini tahlil qilishga uringan.

Uning fikricha, Ovrosiyo Ittifoqi g‘oyasining o‘zi Nursulton Nazarboyevga yoqadi.

"1991 yilda u SSSRning tarqatib yuborilishini unchalik ham istamagandi. Ammo shu bilan birga, bu 71 yoshli sobiq KPSS arbobi Rossiya, Xitoy va G‘arb o‘rtasida muvozanat saqlab, Qozog‘istonning mustaqilligini kafolatlashga urinmoqda", - deb yozadi jurnalist.