Liviya: Qaddofiyning ona shahriga qarshi yirik harbiy amaliyot boshlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Liviya o‘tish hukumatiga sodiq qo‘shinlar Qaddofiyning eng oxirgi istehkomlaridan bo‘lgan Sirt shahriga qarshi yirik harbiy hujum uyushtirganlar.

Yuzlab mashinalar shaharga sharqiy va g‘arbiy yo‘llardan kirib kelishgan va markazga yaqin qolganlar.

Minglab sirtliklar allaqachon shaharni tashlab qochishgan, lekin aksar aholi ortda qolgani ishoniladi.

Sirt tashqarisida bo‘lgan BBC muxbiri Jonatan Xed bu hujum oxirgilaridan ancha yirikroq ekanini aytadi.

Tripolidan 360 chaqirim uzoqda joylashgan Sirt tank va boshqa og‘ir qurollardan o‘qqa tutilmoqda, ko‘plab binolarga o‘t ketgan va shahar uzra tutun ko‘tarilayotgani ko‘rinadi.

O‘tish davri kengashining askarlari g‘arbdagi Misratadan va sharqdagi Bing‘ozidan kelishmoqda.

Bing‘ozi qo‘shinlarining Sirt markaziga yetishlariga atigi bir kilometr qolgan, lekin ular shahar ichidagi merganlarning qattiq mudofaasiga duch kelganlar.

Qaddofiyga sodiq jangchilarning aksari yig‘ilgan Ugadugu anjuman markazi artilleriya o‘qlarining nishoniga aylangan.

Payshanba kuni O‘tish davri kengashi qo‘mondoni Abdul Salam Gadalla shaharning 75 foizi ularning qo‘lida ekanini aytgan.

"Inshoolloh, ko‘pi bilan ikki kun ichida Sirt tozalanadi," dedi u.

Qo‘shinlar Sirtdagi oddiy aholiga shaharni tashlab chiqishga imkon berishgan.

Biroq, minglab sirtliklar qaddofiychilarning "O‘tish davri kengashi jangchilari sizni o‘ldiradi" kabi qo‘rqituvlari tufayli chiqib keta olmaganlar.

Qaddofiychi qo‘mondonlar bilan muzokaralar o‘tkazishga urinishlar biron naf bermagan.

Hujum arafasida Suriyaning Array televideniyesi orqali eshittirilgan audio murojaatida Polkovnik Qaddofiy liviyaliklarni ko‘chalarga chiqib, o‘tish davri qo‘shinlariga qarshi kurashishga chaqirgan.