Birmada amnistiyaga muvofiq siyosiy mahbuslar ham ozod etilmoqdalar

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Birmada amnistiya qilinganlar orasida 2007 yilgi ko‘cha yurishlariga rahnamolik qilgan ruhoniylar ham borligi xabar berilgan.

Birma rasmiylari e‘lon qilgan amnistiyaga muvofiq siyosiyo mahbuslar doxil o‘nlab kishilar ozodlikka chiqarildi.

Ular orasida 2007 yilgi ommaviy ko‘cha yurishlariga rahnamolik qilgan ruhoniy Shin Gambria ham borligi aytilgan.

Taniqli hajvchi Zarganar ham ozodlikka chiqqan.

Zarganar 2008 yili 140 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tabiiy ofatga nisbatan rasmiylar amallarini tanqid ostiga olganidan so‘ng hibsga olingandi.

Ozodlikka chiqarilganidan so‘ng BBC bilan suhbatda Zarganar uni shartli ravishda qo‘yib yuborishgani va agarda biron "nojo‘ya" ish qilsa yana qayta qamoqxonaga yuborishlarini aytdi.

U shuningdek, yana ko‘plab siyosiy mahbus "do‘stlari" qamoqxonada qolayotgani va ularni ham ozod qilish kerakligini bildirdi.

Birma hukumati seshanba kuni e‘lon qilgan amnistiyaga muvofiq 6 ming mahbus ozodlikka chiqariladi. Lekin hukumat ularning ichida necha nafari siyosiy mahbuslar bo‘lishini ma‘lum qilmagan.

Tailandda joylashgan Siyosiy Mahbuslarni Qo‘llash tashkilotining bildirishicha, hozirga qadar 70ga yaqin siyosiy mahbus qo‘yib yuborilgan. Lekin kelgusi kunlarda yanada ko‘proq mahkumlar ozodlikka chiqarilishini kutish mumkin.

Reuters xabar agentligi esa 20 ga yaqin siyosiy mahbus chiqarilganligini taxmin qilgan.

G‘arb Birmaga nisbatan jazo chorlarini kiritgan bo‘lib, bunga sabablradan biri ham mamlakatda siyosiy mahbuslarning mavjudligidir.

Ularning soni Birmada jurnalistlar, siyosiy faollar, hukumat tanqidchilari va ruhoniylar doxil 2 mingga yaqin, deya ishoniladi.

Birma rasmiylari 15 mingga yaqin mahbus uchun amnistiyani 2011 yil may oyida e‘lon qilgandilar.

Bundan avval 2009 yilda 9 mingga yaqin mahbus ozodlikka chiqarilgandi. Lekin ular orasida siyosiy mahbuslar yo‘q edi.

Birmada oxirgi 20 yil mobaynida birinchi saylovlar ikki yil avval o‘tkazildi.

Saylovlar natijasida harbiy hukumat o‘rniga harbiylar tomonidan qo‘llangan fuqaroviy hukumat qudratga keldi.

Shundan so‘ng muxolifat rahbari Aun San Su Chi uy qamog‘idan ozod etildi va u bilan muloqot yo‘lga qo‘yildi.

Muxolifat so‘zchisining BBCga aytishicha, siyosiy mahbuslarni ozod etish hukumatning demokratik islohotlar borasida jiddiy ekanligini ko‘rsatuvchi birgina qadamdir.

"Matbuot erkinligi va tsenzurani bekor qilish kabi hali ko‘plab islohotlar amalga oshirilishi kerak", dedi muxolifat vakili.