Rossiyada hushyorxonalar faoliyati tugatilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Mast bo‘lib qolganlarni hushiga keltirish bilan endi Rossiya politsiyasi shug‘ullanmaydi.

Rossiyada yillar mobaynida alkogol ichimliklar ta‘siriga tushib qolganlarni hushiga keltirish bilan shug‘ullangan militsiya bo‘limlari - hushyorxonalar faoliyatiga chek qo‘yilmoqda.

Rossiya politsiyasida o‘tkazilayotgan islohotlarga ko‘ra, endilikda ko‘cha-kuyda mast bo‘lib yotganlarni hushlariga keltirish masu‘liyati politsiya bo‘ynida bo‘lmaydi.

Rossiyadagi oxirgi hushyorxona bugun Moskva shahrida rasman yopilmoqda.

Sho‘rolar davrida hushyorxonalar butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab mavjud edi.

Kichik qamoqxona shaklida tashkil etilgan bu markazlar mast bo‘lib qolganlarning o‘zlariga kelgunlariga qadar ushlab turish bilan shug‘ullanalardi.

Ba‘zilar uchun shunchaki bir uxlab turish imkoni yaratilgan bo‘lsa, boshqalar uchun turli darmon dorilar berilgan.

Lekin ularning hammasi ozodlikka chiqarilishidan avval jarimaga tortilardilar.

Iosif Stalin davrida ushbu markazlar hatto Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi tomonidan boshqarilgandi.

Keyinchalik hushyorxonalar ustidan masu‘liyatni militsiya o‘z bo‘yniga oldi.

Lekin Rossiya politsiyasida o‘tkazilayotgan oxirgi islohotlaga ko‘ra, endilikda politsiya zobitlari fuqarolarning hushyor bo‘lishlari uchun javobgar bo‘lmaydilar.

Endilikda bu bilan Sog‘liqni saqlash tizimi, ya‘ni shifoxonalar shug‘ullanadi.

Ammo shifokorlar bo‘ynilariga kelib tushgan bu yangi vazifadan hushnud emaslar, kasallarga tibbiy xizmat ko‘rsatishning o‘zi ulkan vazifa ekanligini aytadilar.

Rossiya bo‘ylab hushyorxonalar yo‘qolayotgandir, lekin alkogol ichimliklarga berilish muammosi yildan-yilga oshib bormoqda.

Shu hafta mamlakat Bosh narkoglogi aholining 30 foizi alkogol ichimliklarga mukkasidan berilganligi haqida ogoh bilan chiqqandi.