Falastinlik mahbuslar evaziga Isroil askari Gilad Shalid ozod qilindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Gilad Shalid 2006 yili Isroil hududidan o‘g‘irlab ketilgandi.

Falastin guruhi "Hamas" besh yillik tutqindan so‘ng Isroil askari Gilad Shalidni 1000 dan ortiq falastin mahbusi evaziga ozod qildi.

Falastinlik mahbuslarning dastlabki 477 kishidan iborat guruhi bugun ozod etilmoqda.

Gilad Shalid 2006 yili "Hamas" guruhi a‘zolari tomonidan o‘g‘irlab ketilgandi.

Seshanba kuni erta tongda hozirda 25 yoshda bo‘lgan Gilad Shalid G‘azo va Misr o‘rtasidagi chegara- nazorat nuqtasi Rafahga olib kelinib, Isroil vakillari hozirligida Misr rasmiylariga topshirildi.

Lekin Isroil tomonidan ozod etilishi va‘da qilingan mahbuslarning 50 foizi Kerem Shalom chegara nuqtasini kesib o‘tmagunlariga qadar Isroil rasmiylari Gilad Shalidning shaxsini aniqlay olmasliklari aytilgandi.

"Hamas" qo‘riqchilari dastlabki soatlarda hanuz Gilad Shalidni o‘rab olgandilar. Ular faqatgina falastinlik mahbuslar Isroil hududidan chiqib kelishganidan so‘ngina Shalidni butunlay ozod etishlari rejalangandi.

Keyinchalik Misr televideniyesi orqali Gilad Shalid mashinalar karvonida Rafahga olib kelingani olib ko‘rsatildi. Bu uning omma o‘ngida 2009 yildan beri birinchi bor ko‘rinish berishi edi.

Ozodlikka chiqarilganidan so‘ng birinchi intervyusida horg‘in va rangi za‘faron Gilad Shalid oila a‘zolari va do‘stlarini juda sog‘ingani va mahbuslarni alishish jarayoni tinchlik yo‘lida xizmat qilishiga umid qilishini aytdi.

Falastin mahbuslaridan yana 550 nafari kelgusi oy ozod etilishi kutilmoqda.

Isroilda Gilad Shalidning vatanga qaytishi olqishlansa ham, falastinlik mahbuslarning ozod etilishini hamma ham qo‘llamaydi.

Ularga ko‘ra, mahbuslarning ozod etilishi kelgusida yana isroilliklarni o‘g‘irlashga undovchi omil bo‘lishi mumkin.

Ayni vaqtda G‘azo bo‘lgasida mahbuslarning uyga qaytishlarini sabrsizlik bilan kutishmoqda.

Misrdan G‘azo bo‘lgasiga o‘tish nuqtasida yaqinlari tun bo‘yi mahbuslarni kutdilar.

Kutuvchilar orasida bo‘lgan bir erkak o‘zining jiyanini 30 yillik qamoqdan so‘ng kutayotgani, lekin jiyani " bir qamoqdan ikkinchi qamoqqa kelishi"ni ayti. Bu G‘azo bo‘lgasining Isroil tomonidan ixotasiga ishoradir.

Ba‘zi falastinlik mahbuslar Turkiya, Suriya va Qatar kabi mamlakatlarga olib borib, ozod etiladilar.