O‘IH Panjsherdagi xudkushlik hujumi uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi

Image caption O‘zbekiston Islomiy Harakati Qo‘shma Shtatlar tomonidan terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan

O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan hafta shimoliy Panjshir viloyatida uyushtirilgan xudkushlik hujumi uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Afg‘onistonning nisbatan tinch ushbu viloyatida o‘tgan o‘n yil ichida ilk bor uyushtirilgan hujumda ikki kishi qurbon bo‘lgandi.

Hujumdan qisqa vaqt o‘tmay, Tolibon bu - o‘zining ishi ekanini da‘vo qilib chiqqandi.

Ammo endi O‘zbekiston Islomiy Harakati bu xususda internet orqali bayonot tarqatib, to‘rt xudkush hujumchidan ikki nafarining suratini ham e‘lon qilgan.

Guruhga ko‘ra, hujumchilar Afg‘onistonning shimoliy Qunduz viloyatidan bo‘lishgan.

So‘nggi paytlarda harakatning Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida qayta faollashgani kuzatiladi.

Xo‘sh, ikki ittifoqchi guruhning bir-biriga qarshi da‘volari nimani anglatadi?

BBC harakatning faoliyatini yaqindan o‘rganib kelayotgan pokistonlik jurnalist Rahimulloh Yusufzayga bog‘landi.

Rahimullo Yusufzay: Bunga o‘xshash hodisa ilk bor yuz berayotgani yo‘q. Bundan avval ham bitta hujumga mas‘uliyatni ikki xil guruh o‘z zimmasiga olgan hollar bo‘lgan. Misol uchun, Gulbiddin Hikmatyorning "Hizbi Islomiy" guruhi va Tolibon harakati bir necha bor Afg‘onistonda amalga oshirilgan ayrim hujumlarni o‘zlari uyushtirganliklarini da‘vo etib chiqishgan. O‘zbekiston Islomiy Harakati va Tolibon yaqin ittifoqchi bo‘lishsa-da, ammo alohida, alohida guruh. Ammo aslida nimalar yuz bergani bizga qorong‘u.

BBC: Panjshirdagi xudkushlik hujumiga mas‘uliyatni o‘zining yaqin ittifoqchisi bo‘lmish Tolibon o‘z zimmasiga olgan bir paytda, O‘zbekiston Islomiy Harakatiga bu kabi bayonot bilan chiqish nega kerak bo‘lib qoldi, deb o‘ylaysiz? Bu ikki ittifoqchi orasiga nifoq solmaydimi?

Rahimullo Yusufzay: Menimcha, guruh Panjshirdagi xudkushlik hujumini ahamiyatli, deb o‘ylagan. Chunki hujum uyushtirilgan Panjshir vodiysini Tolibon, hatto, qudratda bo‘lgan paytida ham o‘z nazorati ostiga ololmagan. Ustiga ustak, o‘sha hodisa - Panjshirda o‘tgan 10 yil badalida uyushtirilgan ilk xudkushlik hujumi edi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Islomiy Harakati hujum o‘zlarining ishlari, xudkush hujumchilar ham o‘zlarining odamlari bo‘lganini da‘vo qilib chiqqan bo‘lishi mumkin. Ammo yaqin ittifoqchi ekanliklariga qaramay, O‘zbekiston Islomiy Harakatining so‘nggi bayonoti bu ikki guruh orasiga nifoq solishi tayin.

BBC: O‘zbekiston Islomiy Harakati bugun Afg‘onistonda qanchalik faol, sizning nazaringizda, ular bugun Panjshir kabi bir mintaqada xudkushlik hujumi uyushtirishga qodirmi?

Rahimullo Yusufzay: Haqsiz, O‘zbekiston Islomiy Harakatining bunga qanchalik qodir ekaniga oid shubhalar bo‘lishi tabiiy. Ammo guruhning o‘ziga xos ustunliklari ham yo‘q emas. Chunki ularning saflarida o‘zbek va tojik jangarilari ham bor. Pushtun toliblarga qaraganda, ularning Panjshir vodiysiga kirib borishlari oson. Chunki asosan tojiklar yashaydigan hudud bo‘lgani uchun, u yerga biror bir pushtunning borishi mahalliy aholida shubha uyg‘otadi. Ular o‘z iddaolariga isbot o‘laroq internetga video lavha ham qo‘yishgan. Lekin shunda ham, odamlarning guruh qilayotgan bayonotga chin dildan ishonishlari qiyin, deb o‘ylayman.

BBC: Bugun O‘zbekiston Islomiy Harakatining Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan jangarilari sonini qanchalar deb taxmin etish mumkin? Ular aynan qaysi viloyatlarda faoliyat olib borishadi?

Rahimullo Yusufzay: Guruhning hozirgi faoliyatiga oid yangi va 100 % ishonchli ma‘lumot yo‘q. Ammo ularning Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘oniston shimoliga o‘tishga urinayotganliklariga oid xabarlar bor. NATO ham Afg‘onistonning Qunduz doxil shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolarini o‘ldirgani yoki qo‘lga olganini da‘vo etib keladi. Guruhning Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham bor. Ammo, shunisi ayonki, yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan guruhning faoliyati ancha zaiflashgan va hujumlarining sur‘atiyu ko‘lami ham avvalgidek emas. Pokistonda ular Tolibon va "Haqqoniy" tarmog‘i, Afg‘onistonda ham toliblar dastagi bilan faoliyat olib borishadi. Ya‘ni qayerda joylashganliklariga bog‘liq. Ularning sonini bir nechta yuz deyish mumkin.